NewsUz. 2 fevral kuni Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish boshqarmasi qarori bilan inson huquqlari himoyachisi va jurnalist Umida Niyozova etti yillik shartli qamoq jazosidan ozod etildi. Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish, kontrabanda va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish kabi ayblar bilan sudga tortilgan huquq himoyachisiga nisbatan O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining 2007 yil noyabrida qabul qilgan amnistiya akti qo‘llandi.
Umida Niyozova dastlab 2006 yilning 21 dekabrida Bishkekdan Toshkentga qaytayotgan paytda qo‘lga olingandi. Kompyuteridan konstitutsiyaviy tuzumga qarshi materiallar topildi degan ayblov bilan unga qarshi dastlab ma'muriy, keyiroq jinoiy ish ochildi.
Amaldagi milliy va xalqaro huquq me'yorlariga zid ravishda amalga oshirilgan so‘roqlardan keyin Umida Niyozova O‘zbekistonni tark etish va BMTning Bishkekdagi qochoqlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Keyinroq jurnalistning advokati Abror Yusupov unga qarshi ochilgan jinoiy ish ma'muriy tartibga o‘tkazilgani, u bemalol Toshkentga qaytishi mumkinligini xabar berdi. Shundan keyin Umida Niyozov O‘zbekistonga qaytishga qaror qildi.
Inson huquqlari himoyachisi va jurnalist 2007 yilning 22 yanvarida transport prokuraturasi tomonidan chegarani noqonuniy kesib o‘tish aybi bilan hibsga olindi. 2007 yilning 1 mayida Toshkent shahar Sergeli tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan Umida Niyozova yetti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Keyinroq Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining appelyatsiya komissiyasi qarori bilan U. Niyozovaga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi shartli yetti yil (uch yillik sinov) muddatiga almashtirdi. Endilikda amnistiya aktiga muvofiq huquq himoyachisiga qo‘llangan jazo bekor qilindi.
33 yoshli Umida Niyozova Internews Network xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasida, keyinroq Freedom Housening Toshkentdagi filialida faoliyat yuritgan. Hibsga olingan paytda esa Human Rights Watchning Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimon sifatida ishlagan.
Jizzax viloyatilik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroevning o‘g‘li Ixtiyor ham jazodan ozod qilinib, uyiga yuborildi. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan aybdor deb topilgan Ixtiyor Hamroevga ham amnistiya akti qo‘llangan. Hozircha tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, yana bir necha huquq himoyachisiga amnistiya akti qo‘llanib, qamoqdan chiqarilgan. Bundan bir muddat oldin "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatining uch oydan oshiq qamoqda saqlangan faoli Karim Bozorboev ham Senat tomonidan e'lon qilingan avfi umumiydan foydalanib ozodlikka chiqqandi.
Hozirga qadar xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari va G'arb mamlakatlari O'zbekiston huquq idoralari amnistiya aktini siyosiy mahkumlarga nisbatan qo‘llamasligi borasida tanqidiy munosabat bildirib kelgan. |