NewsUz. Birlashgan Arab Amirliklarida O‘zbekiston fuqarosini zo‘rlashda ayblangan ikki nafar politsiyachi ustidan mahkama jarayoni yakunlandi. Xizmat vazifasini suiiste'mol qilgan va mudhish qonunbuzarlik sodir etgan posbonlardan biri umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Zo‘ravonlarning mol-mulki davlat foydasiga musodara etiladigan bo‘ldi.
«Al-Bayon» gazetasining xabar berishicha, ushbu jinoyat 2007 yilning yozida ro‘y berdi. Kundalik nazorat bilan mashg‘ul bo‘lgan politsiyachilar Al-Marar nohiyasida O‘zbekistondan borgan 28 yoshli ayolning hujjatini ham tekshirishadi. Tekshiruv paytida ayolning viza tartibini buzgani aniqlanadi.
Xorijlik ayolning og‘ir ahvolda ekanidan foydalangan arab politsiyachilari uni ko‘p qavatli uy pod'ezdida zo‘rlashadi.
Ushbu jinoiy ish jabrlanuvchining murojaati asosida Dubay shahri sudida ko‘rib chiqildi. Zo‘ravonlik sahnasi ishtirokchisi, yaman davlatilik politsiyachi Birlashgan Arab Amirliklaridan badarg‘a qilindi. Shu mamlakat fuqarosi bo‘lgan 23 yoshli politsiyachi esa bundan keyingi umrini panjara ortida o‘tkazishga hukm etildi.
BAA davlatida O‘zbekiston ishlash uchun borgan fuqarolar ko‘pchilikni tashkil etadi. Tahlilchilarga ko‘ra, ular orasida tanafurushlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar ham mavjud. |