NewsUz. Frantsiya tashqi ishlar va Yevropa masalalari bo‘yicha vaziri Bernard Koucher Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Pierr Morelni qabul qildi. Suhbat chog‘ida Frantsiyaning YeIga raisligini inobatga olgan holda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan aloqalari ahvoli muhokama etildi.
Yevropa Ittifoqi o‘tgan yilning iyunida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik bo‘yicha strategiya qabul qilgan edi. Ushbu hujjatda mintaqa davlatlari bilan demokratiya, huquqiy davlat, xavfsizlik, energetika va boshqa masalalarda muloqot o‘rnatish belgilangan.
Frantsiya tashqi ishlar mahkamasi rahbari YeI vakili bilan muloqotda bir qator hududlar chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyoga Yevropaning qiziqishi mavjudligini tilga oldi.
Avval xabar qilganimizdek, Pierr Morel joriy yilning yanvarida Toshkentga tashrif bilan kelgan va mamlakat prezidenti Islom Karimov bilan uchrashgandi.
Bu so‘nggi oylar ichida Bryussel tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonga sovuqlashgan munosabatlarni iliqlashtirish yo‘lida berilgan navbatdagi imkoniyat. 2005 yili Andijon voqealaridan keyin Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumati qarshi sanktsiya joriy etdi. Bunga muvofiq, O‘zbekistonning o‘n ikki nafar yuqori lavozimli mansabdorlarining YeI hududiga kirishi hamda mamlakatga qurol-yaroq sotish man etildi.
Biroq Bryussel tomonidan amalga kiritilgan jazo choralari amalda rasmiy Toshkent siyosatiga ta'sir ko‘rsatmadi. Shundan keyin YeI bir tomonlama munosabatlarni yaxshilashga qaror qildi va 2007 yilning mayida Andijon voqealaridan keyin joriy etilgan sanktsiyalarni yengillashtirdi. Shu tariqa qurol-aslaha embargosi saqlab qolingan holda, yuqori lavozimli amaldorlarga qo‘yilgan taqiq bekor bo‘ldi.
O‘tgan oyda Oqsaroyda O‘zbekiston rahbari bilan uchrashib ketgan maxsus vakilning Frantsiya tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralari munosabatlarni yaxshilash yo‘lidagi urinishlar davom etayotganini ko‘rsatadi. |