NewsUz.Com. "Amerika Qo‘shma Shtatlarining O'zbekistondagi amnistiyalardan umidi oshmoqda". Amerikaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Richard Norland Bi-bi-si bilan qisqa suhbatda ana shu fikrni urg‘uladi. Xabaringiz bor, fevral oyining dastlabki kunlarida mamlakatdagi hibsda saqlanib kelgan bir qator inson huquqlari himoyachilari ozodlikka chiqarildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari rasmiy Toshkentni doim demokratik tamoyillarga sodiqlik va inson huquqlariga rioya etishga chaqirib keladi.
Janob Richard Norland O'zbekistonni izoltsiya qilish emas, balki hukumat bilan konstruktiv muloqotga kirishish hamda qiziqish ko‘rsatish demokratik yangilanishlar yo‘lida ijobiy natijalarga yetaklashi mumkinligini ta'kilagan.
Ushbu muxtasar bayonot AQSh va O'zbekiston orasidagi munosabatlar ilishi mumkinligiga ishora berayotganga o‘xshaydi, deya xulosa qiladi Bi-bi-si.
2005 yilning mayida Andijon ro‘y bergan voeqalardan keyin O'zbekiston hukumatining G'arb mamlakatlari, shu jumladan, Vashington bilan munosabatlari yomonlashdi. Bunga rasmiy Toshkentning Andijon voqealarida qarshi pozitsiyani egallagan Qo‘shma Shtatlar bilan aloqalarni bir tomonlama uzishga urinishi sabab bo‘ldi.
Oxirgi paytlarda O'zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda iliqlik kuzatilyapti. Xususan, joriy yilning 24 yanvarida Toshkentga AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi rahbari, admiral Uilyam Fellon tashrif buyurdi. Tashrif asnosida mamlakat prezidenti bilan uchrashgan admiral terrorizm, narkotrafika, uyushgan jinoyatchilik, ommaviy qirg‘in qurolining tarqalishi va mintaqaviy xavfsizlikka daxldor boshqa masalalarni muhokama etdi. Shu bilan birga Amerika vakili inson huquqlariga doir masalalarga ham prezident e'tiborini qaratdi. Ana shunga tayanib tahlilchilar O'zbekistonda so‘nggi vaqtlarda bir qator inson huquqlari faollarining mahbuslikdan ozod etilishini Toshkent- Vashington muzokaralari natijasi deb baholamoqdalar.
Amerika elchisi o‘tgan yilning 10 dekabrida BMTning Inson huquqlari butunjahon deklaratsiyasi qabul qilingani munosabati bilan uyushtirilgan qabul paytida ham Qo‘shma Shtatlar demokratiya va inson huquqlariga sodiq qolishi, dunyoning qolgan mintaqalarida ham ana shu qadriyatning qaror topishi uchun intilishini ma'lum qilgandi.
Richard Norland 2007 yilning 20 sentabrida Amerikaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida mamlakat prezidentiga ishonch yorlig`ini topshirgan. |