Jinoyat ishlar bo‘yicha Sergeli tumani sudi tomonidan chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblangan navoiy viloyatilik 29 yoshli Botir Umurov sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etildi. Aslida, mamlakatda har kuni bu kabi jinoiy ishlardan necha o‘ntasi ko‘riladi. Lekin mazkur mahkama jarayoni boshqalardan ozroq farq qildi. Chunki sudlanuvchi oddiy huquqbuzar emas, kimsan mamlakat Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Matluba Burhonova o`g`li.
Botir Umurov mamlakat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish aybi bilan sudga tortildi. Xabarlarga qaraganda, u O‘zbekistonga kirish chog‘ida Rossiyaning soxta pasportidan foydalangan.
Bir paytning o‘zida ham O‘zbekiston, ham Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lishni istagan yigit rus pasportini qonuniy yo‘llar bilan olishni ep ko‘rmadi. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qilib, vaqtini sarflab o‘tirgandan ko‘ra, oson yo‘l bilan ish bitirdi. Hozircha organ tomonidan shaxsi aniqlanmagan Sofiya va Galina ismli ayollar 1500 AQSh dollariga evaziga unga pasport olib berishdi. Bu hodisa 2004 yilning 29 fevralida Rossiyaning Saratov viloyatida ro‘y berdi.
Shundan keyin Botir Umurov Rossiya shaharlarida bemalol-bedallol yurish imkoniga ega bo‘ldi. Uning rus militsiyasidan xavotir va hadikda ekani bejiz emas edi. 2006 yilning oktyabrida Moskva shahar shimoli-sharqiy ma'muriyati prokuraturasi odam o‘g‘irlash jinoyati bo‘yicha unga davlatlararo qidiruv e'lon qilgandi.
2005 yilning noyabrida bir guruh o‘zbekistonliklar tomonidan aldov va firib bilan pul topish uchun jinoiy guruh tashkil etiladi. Jinoiy to‘da 8000 dollar qarzini o‘z vaqtida qaytarmagan tadbirkor T. Nuriddinovni o‘g‘irlab ketadi.
Ma'lum bo‘lishicha, mazkur jinoiy guruh kattasi bo‘lgan Botir Umurov qo‘lidagi soxta pasport bilan bir necha marta O‘zbekistonga kelgan va bemalol chegarani ham kesib o‘tgan. Hattoki ayni paytda qalbaki deb baholanayotgan hujjat bilan Navoiy viloyati ichki ishlar idorasida vaqtincha ro‘yxatdan ham o‘tgan.
O‘zbek huquq idoralari B. Umurov soxta pasport bilan chegarani kesib o‘tganini 2007 yilning 22 avgustidagi... bilishdi va uni hibsga olishdi.
Aslida hujjat soxtalashtirish ushbu oilaga xos bo‘lgan odat bo‘lgan, shekilli. Chunki sudlanuvchining onasi, ayni paytda Oliy Majlis deputati bo‘lgan M. Burhonova Navoiy shahar Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limi (ZAGS) rahbari bo‘lgan paytdayoq ushbu "hunar" bilan shug‘ullangan. Keyinroq deputatlik otini mingan xonim o‘z vazifasidan foydalanib, o‘zbek qizlarini Turkiya, BAA, Tailand kabi davlatlarga sotishda ishtirok etgan. Masalan, 2000 yilning iyulida K. Dusaeva, M. G‘anieva va Sh. Shohimardonovalardan pora olib, qalbaki hujjatlar tayyorlagan hamda 1985 yilda tug‘ilgan Mariya Manoxinani 1982 yilda tug‘ilgan deb o‘zgartirib, uni xorijga soxta hujjat bilan chiqarib yuborgan. Ma'lum bo‘lishicha, deputat xonim hujjat soxtalashtirish kabi jinoyatlarni juda ko‘p bora sodir etgan.
Shu o‘rinda pixini yorgan ayol qanday qilib o‘z jinoiy qilmishlarini yashirib keldi, boz ustiga, Oliy Majlis deputatligiga saylanib oldi degan tabiiy savol tug‘iladi. Gap shundaki, M. Burhonovaning yana bir o‘g‘li Temur Umurov butun oila a'zolariga himoyachilik qilgan. Bir necha yil davomida O‘zbekiston Bosh prokuraturasida o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi bo‘lib ishlagan o‘g‘il oila a'zolarining barcha kirdikorlarini berkitish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Biroq 2007 yilning avgustida giyohvand moddalar iste'mol qilishi fosh bo‘lgan Temur Umurov ham prokuratura tizimidan bo‘shatib yuborildi.
Gorizont.uz materiali
asosida tayyorlandi
Tahririyatdan:
Albatta, deputatligiga ham qarab o‘tirmasdan tannoz xonimning jinoyatlari fosh etilganini olqishlash kerak. Bu balki qonun ustuvorligi yo‘lida ijobiy qadamlardan biri hamdir, ehtimol. Lekin odamni o‘ylantiradigan jihati, bir davrlar tarallabedod qilib yurgan kishilarning jinoyatlari oradan shuncha vaqt o‘tib, qorlar yog‘ib, izlar bosilganidan keyin eslanyapti. Xayol qurg‘ur esa odamni turli ko‘chalarga boshlaydi: Umurovlar oilasining asosiy tirgagichi T. Umurov ishlab yurgan paytda nega onayu bolalarning jinoyatlari oshkor etilmadi? Pasportdagi birgina muhr uchun oddiy fuqaroni qamoq bilan qo‘rqitadigan chegara nozirlari nega oshkora tarzda soxta pasport bilan kirib kelayotgan azamat yigitni to‘xtatib qolishmadi? Yoki oradan bir necha yil o‘tib yuzaga chiqqan jinoyatni o‘sha paytda ular bilishmasmidi? Harqalay, oradan bir necha yil o‘tib, jinoiy ish qo‘zg‘atgan huquq idoralari pasport soxtaligi-yu, deputat xonimning odam eksporti faoliyatidan o‘sha paytda bexabar bo‘lganlariga ishonish qiyin...
Manba: NewsUz |