|
Vatandan uzoqda yashash oson emas. Begona
yurtda hayot tarzi o’zgacha, odamlar boshqacha va til kabi omillar
bunda hal qiluvchi rol o’ynaydi. |
Yoshlarning xorijga o’qishga borishi ijobiy hol, albatta.
Ular bilim oladi, malakasini oshiradi, dunyoqarashi kengayadi, til o’rganadi – maqsad ham shu.
O’zbekistonda bu an’ana uzoq tarixga ega.
Xonliklar davrida, XX asr avvalida chet elga o’qishga yuborilgan
birinchi avlod - Fitrat, Avloniy, Behbudiylar millat fahri bo’lgan.
Ular Turkiya, Misr va boshqa arab davlatlarida bilim oldi. U yerda olgan bilimini esa vatanida qo’llagan.
Bugun chet elga o’qishga ketgan kadrlar qaytishga shoshilmayapti.
Ba’zilari o’z kasbini tashlab, boshqa sohalarga o’tib ketmoqda.
Deylik, vatanida olim, san’atkor va muhandis bo’lgan odamlar
Amerikada oddiy ishchi, ko’p hollarda mehmonxona xodimi yoki oshpaz
bo’lib ishlamoqda.
O’zbekistondan chiqib ketayotgan mutaxassislarning ko’pi xorijda kasbini tashlashga majbur bo’lmoqda.
O’zbekistonlik mana bu suhbatdoshimiz O’zbekistonda universitetni
jurnalistika bo’yicha bitirgan. Hozir AQShning Florida shtatida
mehmonxonada ishlaydi.
“Balki xato o’ylayotgandirman. Biroq, menimcha, AQShga kelganlarning
80 foizi o’z mutaxassisligi bo’yicha ishlamaydi. Albatta, o’z kasbingiz
bo’yicha ish topishga harakat qilasiz. Lekin iloji bo’lmagandan keyin,
o’zingiz bilmagan holda, deylik, mehmonxona, xizmat ko’rsatish kabi
yo’nalishga o’tib ketasiz. O’zingizga shu narsa yoqadimi, yoqmi – bu
ham muhim”.
Amerika Ovozi: “O’z kasbingiz, ya’ni jurnalistika bo’yicha ish qidirishga harakat qilganmisiz”?
“To’g’risini aytsam, yo’q. Chunki men yashayotgan joyda bu kasbga talab yo’q edi”.
Vatandan uzoqda yashash oson emas. Oiladan uzoqdasiz, begona yurtda
hayot tarzi o’zgacha, odamlar boshqacha va til kabi omillar bunda hal
qiluvchi rol o’ynaydi. Raqobat ham kuchli. Bunday bosimga har kim ham
chiday olmaydi.
Biroq Qo’shma Shtatlarda ishlayotgan rossiyalik jarroh Boris Vinogradskiy fikricha, hammasi odamning tirishqoqligiga bog’liq.
“Amerikaga kelib, vrachlik imtihonini topshira olmagan birorta
mutaxassisni bilmayman. Topshira olmadimi, demak, yaxshi harakat
qilmagan, astoydil mehnat qilmagan”.
Nargiza ismli yana bir suhbatdoshimiz esa avval O’zbekistonda ancha tanilgan jarroh bo’lgan. Hozir oilasi bilan Amerikada.
“Ayni paytda Indiana shtatidagi ilmiy-tadqiqot institutida ishlayapman. Ilmiy izlanishlar bilan bandman”, - deydi u.
Nargiza uzoq vaqt davomida bemorlar bilan ishlamagan. Yaqinda
Qo’shma Shtatlarda vrachlik imtihonlarini (Medical College Admission
Test ) muvaffaqiyatli topshirib, terapevt bo’lib ishlash huquqini
qo’lga kiritgan.
Lekin, deydi u, Amerikada yosh vrachlar juda ko’p. Ular bilan
tenglashish qiyin. Kasalxonalar odatda mahalliy mutaxassislarni
yollashni ma’qul ko’radi. Nargiza hozircha ish topgani yo’q.
Mamlakatdan ketgan mutaxassisni vataniga qaytarsa bo’ladi. Lekin
sohani tashlagan kadr vaqt o’tib ko’nikma va bilimini yo’qotadi. Uning
kasbiy mahoratini saqlab qolishda AQShdagi vatandoshlari, kasbdoshlari
yordam berishi mumkin.
Chet elda hindistonliklar, masalan, o’zaro juda inoq, bir-birini
hamisha qo’llab-quvvatlaydi. Ular Amerikada pul ishlab, bu yerdagi
yirik firmalarga egalik qilsa-da, sarmoyani asosan vataniga kiritadi.
Floridada mehmonxonada ishlayotgan suhbatdoshimiz o’zbekistonliklarga xos umumiy xususiyatni shunday tasvirlaydi:
“O’zbek xalqi, yoshmi, qarimi – baribir Toshkentga, O’zbekistonga
qaytishga harakat qiladi. Ko’p odamlarni uchratdim – ba’zilari
institutga kirib, tashlab ketgan. Ba’zilari maktabni bitirgan. Yoshi
katta odamlarni ham ko’rdim. 90 foizida uyga qaytish niyati bor”.
Niyat o’z yo’liga. Biroq raqamlarga qarab real vaziyatni ko’rasiz.
Jahon Banki hisob-kitobiga ko’ra, 2005 yilda 2 million kishi
O’zbekistondan xorijga chiqib ketgan. Asosan, qo’shni davlatlar,
Rossiya, Ukraina, Isroil, Latviya, AQSh va Germaniyaga