G’arb O'zbekistonda dekabr oyida o'tgan prezident
saylovlarini tanqid ostiga olib, inson huquqlari ahvoli yuzasidan
tashvish bildirib keladi.
Shunga qaramay Yevropa ham, Qo’shma Shtatlar ham O’zbekiston bilan
munosabatlarni tiklashga urinmoqda. Ayrimlar buni tanqid qilsa,
boshqalar fikricha muammolarni muloqotsiz hal qilib bo’lmaydi.
O’zbekistonda
islohotlarni jadallashtirish uchun nima qilish kerak degan savolga
ba’zi mutaxassislar sanksiyalarni kuchaytirib, hukumatdan islohotlarni
talab qilish kerak desa, boshqalar fikricha, sanksiyalar ish bermadi,
navbat muloqotga demoqda.
Bryusselda asoslangan Inqirozlarni o’rganish xalqaro guruhining
(International Crisis Group) Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Pol Kvin
Jajning ((Paul Quinn-Judge) aytishicha, Yevropa Ittifoqining
sanksiyalari ish bermadi deyish xato bo’ladi, chunki ularning
davomiyligi va ko’lami yetarlicha bo’lmagan.
|
Pol Kvin Jaj, Inqirozlarni o'rganish xalqaro guruhining Markaziy Osiyo bo'yicha direktori |
G’arb O’zbekistonga nisbatan siyosatini o’zgartirayotgani tashvishga molik, deydi mutaxassis.
“Siyosatni o’zgartirishdan avval vaziyatni tahlil qilish kerak.
Yangi siyosat nimalarga olib keladi? Undan qanday natija kutilmoqda?
Karimov murosaga tayyormi? Men bunga shubha bilan qarayman. Karimov
o’zini shu paytgacha haq bo’lgan deb o’ylaydi. G’arb past ketdi deb
o’ylaydi. Bu hech qanday o’zgarishlarga olib kelmasdan, uning
pozitsiyasini yanada kuchaytiradi”, - deydi Jaj.
Vashingtondagi yangi nodavlat tashkilot, Yangi demokratik
jamiyatlarni o’rganish instituti (Institute for New Democracies)
rahbari Margarita Assenova O’zbekiston bilan muloqot qilish tarafdori.
Sanksiyalardan foyda yo’q, deydi u.
|
Margarita Assenova, Yangi demokratik jamiyatlarni o'rganish instituti rahbari |
“G’arb
O’zbekistondan jadal o’zgarishlarni kutgan. Biroq buning iloji yo’q.
Sharqiy Yevropa mamlakatlarini olaylik. Ularda islohotlarni
tezlashtirish uchun NATO va Yevropa Ittifoqiga kirish kabi
rag’batlantiruvchi omillar bo’lgan. Markaziy Osiyo davlatlari esa
demokratiya foydasini tushunib yetmagan. Axir mintaqada hech qachon
ochiq jamiyat bo’lmagan. Sharqiy Yevropada esa bo’lgan. Bundan tashqari
Markaziy Osiyo rahbarlari jamiyatini demokratlashtirsa, hokimiyatdan
ayriladi, deb o’ylaydi. Bu xato tushuncha. Sharqiy Yevropada sobiq
kommunistlar islohotlarni amalga oshirib hokimiyatga qaytmoqda.”
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Freedom House” xalqaro
tashkiloti avval O’zbekistonda ish olib borgan, ammo ikki yil burun
idorasi hukumat talabiga ko’ra yopilgan. Tashkilot yaqinda jahon
bo’ylab erkinlik darajasini tahlil qilib yillik hisobot chop etdi. Unda
har bir mamlakatdagi siyosiy vaziyatga baho berilib, davlatlar “erkin”,
“qisman erkin”, “erkin emas” kabi uch toifaga bo’lingan. O’zbekiston 43
davlat qatorida so’nggi toifaga qo’shilgan.
Ayrim hukumatlar nazarida demokratiya ularning jamiyatiga,
dunyoqarashi va madaniyatiga mos kelmaydi. “Freedom House”ning Markaziy
Osiyo bo’yicha mutaxassisi Jeff Goldstayn (Jeff Goldstein) fikricha,
bunday deyish noo’rin.
|
Jeff Goldstayn, "Freedom House" dastur boshqaruvchisi |
“Demokratiya
tamoyillari ko’plab muhim xalqaro hujjatlarda aks etadi. Markaziy Osiyo
davlatlari bu hujjatlarni imzolashi shart emas edi, biroq ular buni
qilgan. Demokratiyaning shakli har bir davlatda turlicha bo’lsa-da,
tamoyillari hamma joyda bir xil. Xalqning davlat boshqaruvida ishtirok
etishi, siyosiy erkinlik, hokimiyatning muayyan bir guruhga tobe
bo’lmasligi shular jumlasidan. Lekin O’zbekistonga ko’proq prezidentlik
qulaymi yoki parlament tizimimi, ya’ni demokratiya shakli qanday
bo’lishini o’zbekistonliklarning o’zi hal qilishi kerak.”
|
"Parad" jurnali muqovasi |
“Vashington
Post” gazetasi ilovasi sifatida chiqadigan “Parad” jurnali har yili
jahonning eng yomon 10 diktatorini e’lon qiladi. So’nggi bir necha
yildan buyon O’zbekiston prezidenti Islom Karimov ham bu o’ntalikka
kirib keladi. Jurnal yaqinda yangi o’nlikni e’lon qildi. Karimov bu
yili 9-o’rinni egalladi.
Aksariyat tahlilchilar nazarida O’zbekistonda demokratik islohotlar
taqdiri bir kishining qo’lida va toki Karimov hokimiyat tepasida ekan,
islohotlar amalga oshmaydi.