|
Tom Adams AQSh tashqi yordamini muvofiqlashtiruvchi bosh rasmiylardan |
AQSh sobiq Sovet davlatlariga Kongress tomonidan 1992 yilda qabul qilingan Erkinlikni Quvvatlash Qonuni (Freedom Support Act) asosida yordam ko’rsatib keladi.
AQSh tashqi aloqalarini yurituvchi Davlat departamenti bu borada Kongressga yillik hisobotlar beradi.
Yordam hajmi Amerika bilan aloqa ko’lami va samarasiga bog’liq.
AQSh O’zbekistonga 1992-2002 yillar orasida 700 million dollarga
yaqin miqdorda yordam bergan. Iqtisodiy va siyosiy islohotlar, mamlakat
harbiy salohiyatini oshirish, ta’lim va sog’liqni saqlash sohalarini
rivojlantirish, tabiat muhofazasi va madaniy hamkorlikni kuchaytirish
uchun.
2001 yilning 11 sentyabr voqealari ketidan O’zbekiston AQShning
mintaqadagi yaqin hamkoriga aylandi. 2002 yilda Vashington
O’zbekistonga jami 220 million dollar ajratgan. Biroq 2005 yilda
Andijon fojiasi ketidan munosabatlar sovuqlashdi va ko’mak darajasi ham
tushib ketdi.
2005 yilda AQSh O’zbekistonda 92 million dollar sarflagan bo’lsa, bu yilga kelib yordam hatto 9 million dollarga ham yetmaydi.
Kelasi yil ko’proq mablag’ ajratiladi deyishga hozircha dalil yo’q.
Mintaqada AQShdan eng ko’p yordamni Tojikiston va Qirg’iziston
olmoqda, birgalikda bu yil qariyb 50 million dollar. Iroq va
Afg’onistondagi urushlar Amerika cho’ntagini quritganini hisobga
olganda, nafaqat Markaziy Osiyo balki dunyoning boshqa ko’plab
davlatlariga ham yordam darajasi pasaygan.
Yaqinda Toshkentda bo’lib qaytgan, AQShning Yevrosiyoga yordam bo’yicha koordinatori Tom Adams asosiy maqsad siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo’shish deydi.
“Yordam miqdori shu kungacha erishilgan samaraga bog’liq va albatta, bizning qurbimizga",- deydi Adams.
“O’zbekistonga yordamning kamayishiga hukumatning Amerika
maqsadlariga shubha bilan qaray boshlagani sabab bo’ldi. Shuningdek,
Kongress O’zbekistonda islohotlar sekin kechayotganini ko’rib, biz
bergan yordam samara bermayapti deb xulosa qildi va mablag’ni qirqdi”.
Amerika O’zbekistonda aynan qanday o’zgarishlar kutgan edi va hozirda nima kutmoqda?
“Biz asosan demokratik va iqtisodiy islohotlar amalga oshiriladi
deya umid qilganmiz. Nazarimizda bunga erishilmadi. Lekin yaqindan
boshlab o’sha umid uchqunlari yana uyg’ona boshladi. Toshkentda yangi
elchimiz Richard Norland jonbozlik ko’rsatmoqda. O’zbekiston hukumati
bilan ijobiy muloqotlar bo’ldi. Fikrimcha, aloqalarni iliqlashtirish
uchun imkon bor va biz harakat qilayapmiz”,- deya javob beradi Tom
Adams.
O’zbekiston-AQSh o’rtasidagi harbiy hamkorlik xalqaro tashkilotlar
va inson huquqlari himoyachilari tomonidan keskin tanqid qilingan edi.
Ko’plab siyosiy tahlilchilar AQSh hukumatiga O’zbekistonda armiya
qudratini oshirish uchun emas, fuqaro jamiyati barpo etilishi uchun
sarmoya qilishni tavsiya qilgan.
Hamkorlik uchun yo’l ochilsa, AQSh bu safar qanday ish tutmoqchi?
"Biz hamisha islohotlar bir sohada kechmaydi deb kelganmiz. Jamiyat
oldinga siljishi uchun har bir jabhada yetarlicha taraqqiyotga erishish
zarur",- deydi Tom Adams. "Shu bois Amerika O’zbekistonda ham siyosiy,
ham ijtimoiy, ham iqtisodiy islohotlar yo’lida yordam berishni
istaydi. Biz O’zbekiston rasmiylari bilan muzokaralarda buni aniq
tushuntirganmiz ”.
Tom Adams, AQSh tashqi yordami uchun mas’ul diplomat sifatida,
“muvozanat naqadar nozik vazifa ekanini tushunaman”,- deydi. Uning
aytishicha, iqtisodiy islohotlar qonun ustuvorligini ta’minlashni va
demokratik o’zgarishlarni talab qiladi. Xususan inson huquqlari va
erkinliklari himoyasini.
Islom Karimov rahbariyati islohotlar olib borayotganini va bu tashqi
kuchlar ta’siri ostida emas, o’z xalqi shijoati bilan amalga oshishi
kerakligini ta’kidlaydi. Bu degani AQShdan cheklangan miqdorda yordam
so’rashi mumkin.
Amerika dasturlarini yurituvchi tashkilotlarning ko’pi mamlakatdan chiqib ketgan. USAID, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi O’zbekistonda
ta’lim va tibbiyot sohasi egalari bilan ishlashda davom etmoqda, biroq
siyosiy-iqtisodiy dasturlar doirasi toraygan.
Tom Adamning aytishicha O'zbekiston hukumati zarur sharoit yaratib
bersa, Amerika O'zbekistonda yordam dasturlarini kengaytirishi va
ko'proq mablag' ajratishi mumkin. "Avvalo o’zaro ishonch tiklanishi
kerak",- deydi u.
"O’zbekistonda qilinadigan ishlar ko’p. Menimcha AQSh, qolaversa
Yevropa Ittifoqi yordamiga ehtiyoj yetarli. Biz oshkoralik tarafdorimiz
va hamkorlik ham shunga asoslanishini xohlaymiz. O’tgan yillarda
pasaygan ishonchni tiklash, menimcha, hozir har ikki tomon oldida
turgan eng muhim vazifa”.
Amerika hech bir hukumatga naqd pul berayotgani yoki uni moylayotgani yo’q deydi Tom Adams.
“Moliyani mamlakatlarda o’zimiz nazorat qiladigan dasturlar uchun
ajratamiz. Mutaxassislar malakasini oshiramiz. Jamiyatlarni yangicha
ish uslublari bilan tanishtiramiz. O’tish davrini boshdan kechirayotgan
mamlakatlarga yo’l ko’rsatamiz”,- deydi AQSh yordamini
muvofiqlashtiruvchi rasmiy.