Afg’onistonda NATO tarkibida harakat qilayotgan Germaniya Termizdagi
harbiy bazadan foydalanib keladi. AQSh harbiylari ham bu aerodromdan
foydalanishga ijozat olgan bo’lishi mumkin.
Termiz bazasi Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar uchun ko’prik rolini bajarib keladi.
AQShning O`zbekistondagi elchixonasiga ko`ra, bazadan foydalanishga ruxsat beruvchi bitim imzolanmagan.
Elchixona "Germaniya ijaraga olgan Termiz aerodromidan faqat NATO amaliyotlari uchun foydalanishi mumkin" deya bayonot bergan.
O`zbekiston masala yuzasidan izoh bermagan. Lekin NATOning Markaziy
Osiyo bo'yicha maxsus vakili Robert Simmonsning aytishicha O'zbekiston
aviabazadan boshqa davlatlar foydalanishiga qarshi emas. "Bilishimcha
Qo'shma Shtatlar bu inshootni ishlatishni boshlamoqda",- deydi Simmons.
O`zbekiston-Yevropa Ittifoqi orasida kechayotgan muloqot, AQSh
admiralining O`zbekistonga safari, Afg’onistondagi mushkul vaziyat,
O`zbekiston prezidentining bu borada bildirgan xavotiri, sharhlovchilar
nazarida, shunday natijaga olib kelishi muqarrar edi.
Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari Po`lat Oxun
“Afg'onistonda Hamid Karzay asta-sekin vaziyatni qo`ldan chiqarayapti.
Toliblar kuchaygan. O`zbekiston chegarasida xavfli vaziyat yuzaga
kelmoqda",- deydi.
"O`zbekiston rahbariyati Rossiyaga qaram bo`lishni istamaydi”, - deydi Po`lat Oxun.
Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha esa so`nggi paytda
O`zbekiston Afg`oniston muammosini hal qilishda faolroq qatnasha
boshlagan. Biroq, deydi u, bu faqat Kreml bilan kelishuv asosida amalga
oshmoqda.
“AQSh va G`arb bilan munosabatlarni Islom Karimov Kremlning roziligi
bilan rivojlantiradi. Rossiya qancha harakat qilmasin, g`arb darajasida
sarmoya kirita olmaydi. 2005 yilgacha O`zbekistonning 70 foiz savdo
aloqalari G`arb bilan bitar edi. Hozir 30-40 foizga tushib qolgan. Bu
O`zbekiston uchun katta yo`qotish. Karimov Rossiya yetarli yordam bera
olmaganini pesh qilib, G`arb bilan aloqani tiklashga majbur ekanini
aytgan va bu borada Kreml bilan kelishgan”, - deydi Yo`ldoshev.
Po`lat Oxun nazarida Markaziy Osiyoga asosan uch davlat xavf soladi.
"Birinchisi, hozir aktual bo`lib turgan Afg`oniston, ikkinchisi
Eron, uchinchisi mintaqa davlatlariga katta ta`sir o`tkazib, qaram
qilishi mumkin bo`lgan Xitoy. Bunga qarshi hatto Rossiya ham yordam
bera olmaydi. NATOning mintaqaga kirishi, harbiy bazalar qurishi bizni
kelajakda global tahdidlardan himoyalab turishi mumkin”, - deydi Oxun.
Ayrimlar O`zbekistondagi vaziyat, mamlakatda iqtisodiy va siyosiy
islohotlarning juda sekin kechayotgani, repressiv siyosat ham mintaqa
tinchligiga rahna solishi mumkin deb hisoblaydi.
NATO rasmiysi Robert Simmonsning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va
O`zbekiston munosabatlarining yaxshilanishi inson huquqlari ravnaqi
uchun xizmat qiladi.