O'zbekistonda yana bir hokim ishdan olindi O’zbekiston prezidenti Farg’ona viloyati hokimi
Abduhoshim Abdullayevni ishdan bo’shatar ekan, viloyatda ish o’rinlari
yaratilmaganini ta’kidlab o’tgan.
Sharhlovchilar nazarida xuddi shu sabab bilan deyarli barcha viloyat hokimlarini vazifasidan chetlatish mumkin.
“2007 yilda bandlik idoralariga ish so’rab murojaat qilganlar soni
2006 yilga nisbatan qariyb 11 ming kishiga, ya’ni 20 foizga
oshgan. Lekin ishga joylashganlar soni o’tgan yilga nisbatan faqat bir
foizga ko’paygan”, - dedi prezident Islom Karimov.
So’nggi paytda boshqaruv idoralarida kadrlar qayta-qayta
almashmoqda. Ammo, deydi sharhlovchilar, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi
o’zgarishlar kadrlar masalasiga bog’liq emas.
Farg’ona viloyati hokimi etib respublika yog’-moy va oziq-ovqat
sanoati uyushmasi boshqaruvi raisi Mamatisoq G’afurov tayinlangan.
Farg’onalik sharhlovchi Fazliddin Risqiyevning aytishicha,
O’zbekistonda kadrlar almashgani bilan muammolar hal etilmayapti.
“Samarqandda ham uch marta hokim almashdi. Eski hokimning familiyasi
aytiladi, qolgan kamchiliklar bir qolipda, bir andozada. Bundan nima
kutish mumkin? Yangi ish o’rinlariga qiziqayotganlar ham kam. Maktab
yoshidagilar ham Rossiyada ishlashga ketgan”, - deydi Risqiyev.
Karimov Farg’onaga safaridan oldin oylik maoshlarini oshirish haqida
farmon chiqardi. Bu esa O’zbekistonda narx-navo ko’tarilishini
anglatadi.
“Yaqinda qo’shnimiz uyini 5,5 ming dollarga sotgan edi, ikkinchisi
15 ming dollarga sotdi. O’sib kelayotgan avlodga uy-joy kerak.
O’zbekiston prezidenti o’rtacha ish haqi 210 dollar deyapti. Bir o’g’li
yoki qiziga joy qilaman desa, necha yil pul yig’ishga to’g’ri
keladi?”, - deb so’raydi sharhlovchi.
Prezident uchinchi muddatini boshlagach, bir necha rasmiyni ishdan
oldi. Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov so’zlariga ko’ra, yangi
saylangan Islom Karimovdan siyosatda, ijtimoiy hayotda o’zgarishlar
kutilmoqda.
“Odamlar turmushida, hatto yog’, non, paxta narxlarida ham muqimlik
yo’q. Odamlarga ta’sir qilayapti, shuning uchun Islom Karimov o’z
mavqeini ushlab turish uchun ham hukumatda jiddiy o’zgarish qilishi
kutilgan edi. Lekin hozircha bu kuzatilmayapti”, - deydi Tashanov.
Mustaqil jurnalist Sergey Yejkov fikricha yaqin kelajakda biror muhim kadrlar almashishi kutilmayapti.
“O’zbekiston siyosatini ham, iqtisodiy strategiyasini ham davlat
rahbari belgilaydi. Hukumat esa uni ijro qiladi. Shuning uchun hukumat
tarkibidagi biror almashish O’zbekiston siyosatida o’zgarish qilishi
mumkin degan fikrlarga qo’shilmayman”.
|