Rasmiy Toshkent ijozati bilan Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi O’zbekistondagi qamoqxonalarga kirishi mumkin.
AQSh hukumati bu qarorni olqishlamoqda. O`zbekiston hukumati inson
huquqlariga doir vaziyatni yaxshilashi zarur deydi AQSh rasmiylari.
So’nggi paytlarda O’zbekistondagi huquqiy ahvol borasida qarama-qarshi ma’lumotlar quloqqa chalinmoqda.
Mahalliy huquq himoyachilari fikricha, qo’mita dastlab siyosiy
mahbuslarga e`tibor qaratishi zarur. “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati
siyosiy mahbuslar ro`yxatini e`lon qilgan.
O`zbekiston hukumati 2005 yildan keyin Qizil xoch vakillariga qamoqxonalarga kirishni taqiqlab qo`ygan edi.
O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi ta’kidiga ko’ra, sanksiyalar
yumshatilgach, mamlakatda huquq himoyachilariga bosim kuchaygan. Alyans
o`tkazgan piket ishtirokchilari taz’yiq ostida.
Alyans vakili Adham Shoyimardonovning aytishicha, Yevropa Ittifoqi
Andijon voqealari mustaqil tergov qilinadi, mustaqil huquq
himoyachilari bilan muzokara boshlanadi deb taxmin qilgan edi.
“Amalda esa huquq himoyachilari bilan muloqot yo`q. Aksincha,
ularning talabi inobatga olinmayapti. Turli taz’yiqlar ko`rsatilmoqda”,
- deydi Shoyimardonov.
Huquq himoyachisi Suhrob Ismoilov fikricha, hozirda huquq faollariga taz’yiqlar nisbatan kamaygan.
“Hozir O`zbekistonda huquq himoyachilari avvalgiday faol emas.
Ishlayotganlari barmoq bilan sanarli. Oldingidek, ularni qamoqqa tiqib
qo`yish kuzatilmaydi. Bunga ehtiyoj ham yo`q”, - deydi Ismoilov.
Biroq, deydi u, bu bu inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat o`zgardi degani emas.
“2008 yilda o`lim jazosini bekoq qilish va qamoqqa olish huquqini
sudlar vakolatiga o`tkazish haqidagi qonunlar kuchga kirdi. O’tgan 3
oyda biror sezilarli o`zgarish bo`lgani yo’q. O`zbekiston hukumati
bilan ma`lumot almashib turish, muloqot olib borish zarur. Shundagina
o`zgarish kutish mumkin. Bir tomonlama cheklov, talablar qo`yish hech
narsaga olib kelmaydi”, - deydi Suhrob Ismoilov.
Yaqinda Buxoroda qamoqdagi shoir Yusuf Jumaning o`g`li Mashrab
Yusufjon o`g`li ishi bo`yicha apellyatsiya sudi o’tgan. Unda avval
belgilangan 3 yil jazo muddati 4 yil qamoq jazosiga o`zgartirilgan.
Shoir Yusuf Juma va uning yana bir o’g’li Boburga nisbatan ochilgan tergov ishi nihoyasiga yetgan, ish sudga oshirilgan.
Yusuf Juma militsiya xodimiga tan jarohati yetkazish, tajovuz qilish va haqorat qilishda ayblanmoqda.
Yusuf Juma prezident Islom Karimov iste`fosini talab qilib o`tkazgan
piket paytida militsiya xodimiga hujum qilishda ayblangan edi. Piketdan
biroz o`tib o`g`li Bobur bilan birga hibsga olingan.
Yusuf Jumaning qizi Feruza Yusupovaning aytishicha, tergovchi shoirga nisbatan siyosiy ayb qo`yilmaganini ta`kidlagan.
“Dadangga biz siyosiy ayb qo`ymadik. Uning ayrim she’rlari bor,
dedi. Uch oydan buyon biror marta ko`rmadim. Dadamning sog`liqlari
yomon ekan, yaqinda eshitdim. Bir o`zlarini yolg`iz podvalda
saqlashayotgan ekan, azoblab. Ukamning sudi haqida ham bizga hech
qanday xabar berishmadi, o`zlari sud qilib, o`zlari kesib yuborishdi”,
- deydi Feruza Yusupova.
Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev viloyatda huquq
himoyachilarini nazorat qilish kuchaygan, ayrimlari ichki ishlar
boshqarmasiga chaqirilgan deydi.
“5-6 ta faolning ozodlikka chiqishi O`zbekistonda inson huquqlari
bilan bo`gliq vaziyatda o`zgarish bo`layapti degani emas”, - deydi
Baxtiyor Hamroyev.