Среда, 2024-05-15, 04.54
 "HIMOYACHI"
 
Halqaro Huquq Himoyachilari  Jamiyati
ЎЗБЕКЧА  РУССКИЙ ENGLISH  SVENSKA  AF SUMALI  العربيه 
MainRegistrationLogin
Welcome, Гость · RSS
Site menu
Our poll
Rate my site
Всего ответов: 12
 
Main » 2008 » Апрель » 6 » NATO O‘zbekistondan nima istaydi, O‘zbekiston NATOdan-chi?
NATO O‘zbekistondan nima istaydi, O‘zbekiston NATOdan-chi?
09.40
NATO O‘zbekistondan nima istaydi, O‘zbekiston NATOdan-chi?
04.04.2008 y.

 NewsUz - NATOning Buxarestda o‘tayotgan sammitida bir necha yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston rahbari Islom Karimov ham ishtirok etdi. O‘zbek prezidenti kecha NATOning yopiq majlisda ma'ruza qildi. Yaqingacha rasmiy Toshkentni tanqid qilib kelgan G‘arb yetakchilari Andijon voqealaridan keyin ilk marta u bilan yuzma-yuz bo‘lishdi.

Shimoliy alyansning yirik yig‘inida 60 ta davlat boshlig‘i, bir qator hukumat rahbarlari ishtirok etyapti. Shu bilan birga harbiy ittifoq mashvarati qatnashchilari orasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining yetti prezidenti, jumladan, Rossiya rahbari Vladimir Putin ham bor. "Chaqirilmagan qo‘noq" qabilida baholanayotgan rahbarlar orasida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni ham ko‘rish mumkin.

Kutilgandek Islom Karimov o‘z ma'ruzasida Afg‘onistondagi beqaror vaziyat xususida to‘xtaldi. Shu bilan birga O‘zbekiston uchun NATO bilan munosabatlar muhim ahamiyatga ega ekani, Toshkent Bryussel bilan aloqalarni rivojlantirish tarafdori ekanini aytdi.

O`zbekiston rahbari NATOning tobora siyosiy tuzilma shaklini olayotganiga e'tibor qaratdi. O`z chiqishida u O‘zbekiston NATO bilan Noharbiy yuklarni Termiz-Hayraton chegara uzeli orqali yetkazib berish koridori va tranzitini ta’minlash to‘g‘risidagi bitimni muhokama qilish va imzolashga tayyor ekanini ma'lum qildi. Shu tariqa rasmiy Toshkent NATOning Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo bo`yicha vakili Robert Simmons tomonidan berilgan shov-shuvli bayonot ni qisman tasdiqladi.

Mazkur bitimni qabul qilishda esa joriy yilning 4 martida O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida imzolangan Bundesver yuklarini mamlakat hududidan temir yo‘l orqali tashish bo‘yicha kelishuvni asos qilib olish mumkin.

Islom Karimov o`z chiqishida Afg`onistondagi vaziyatni yaxshilash uchun bir qancha takliflar aytdi. Jumladan, "1997-2001 yillarda BMT ko‘magida samarali faoliyat ko‘rsatgan, Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiyaning vakolatli vakillaridan tashkil topgan «6+2» muloqot guruhi doirasida Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish bo‘yicha muzokaralar jarayonini qayta tiklash maqsadga muvofiq, deb hisoblayman" dedi u.

Shuningdek, ma`ruzada ilk marta NATO bilan hamkorlikda xavfsizlikni ta’minlash va mudofaa qurilishi, ekologiya va gumanitar sohadagi tadbirlar bilan bir qatorda demokratik yangilash va modernizatsiya qilish, demokratik va fuqarolik institutlarini mustahkamlash asosiy yo`nalish bo`lishi mumkinligi aytildi.

2005 yilda ro‘y bergan Andijon voqealaridan keyin NATO va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. G‘arb mamlakatlarining tanqidiga javoban O‘zbekiston tomoni 2001 yil oktyabrdan buyon Xonoboddagi harbiy bazadan foydalanayotgan AQShga u yerdan olti oy muddatda chiqib ketish talabini qo‘ydi. Shu tariqa 2005 yilning 21 noyabrida Qarshi bazasini eng so‘nggi amerikalik askar ham tark etdi.

G‘arb bilan munosabatlar yomonlashuvida manzarasida O‘zbekiston-NATO aloqalari ham taranglashdi. O‘zbekiston rahbari Bryusselning qarshi pozitsiyasiga javoban Shimoliy alyans bilan dasturlarni to‘xtatib qo‘ydi. Buning o‘rniga u barcha sohalar kabi harbiy jabhada ham Moskvaga tomon yuz burdi. 

Aslida O‘zbekistonning NATO bilan hamkorligi 1991 yilning dekabridan boshlangan. O‘shanda endigina mustaqillik e'lon qilgan davlat NATOning Shimoliy atlantika hamkorlik kengashiga qo‘shilgandi. U paytlarda yosh davlat uchun Kremlning hali susaymagan ta'qibidan ihotalanish uchun qudratliroq tayanch kerak edi. Bu borada esa NATO yaxshi variant bo‘lishi mumkin edi. Ana shu hayotiy zarurat Toshkentni NATOning hamkorlik taklifini quchoq ochib kutib olishga undadi.

1994 yilning 13 iyulida O‘zbekiston Shimoliy alyansning yirik loyihalaridan biri  «Tinchlik yo‘lidagi hamkorlik» bitimini imzoladi. Toshkentning G‘arb bilan munosabatlari iliq bo‘lgan o‘sha paytlarda NATO bilan bir qator hujjatlar qabul qilindi (masalan, 1995 yilning 16 avgustida o‘zaro axborot almashuvi munosabatlarini tartibga soluvchi bitim). O‘zbek harbiylari va NATOchilar hamkorlikda o‘quv yig‘inlari ham o‘tkazishdi. Shunday yig‘inlardan biri 2003 yilning aprelida Farg‘ona viloyatida  favqulodda holatlarda fuqaro muhofazasi yo‘nalishida o‘tkazildi. Bularning barchasi Andijondagi hodisalardan keyin bir zumda yo‘qqa chiqdi. Odatda bahor havosidek tez o‘zgaruvchan siyosat yuritadigan Toshkent G‘arb davlatlari, jumladan, NATOning tanqidiy bahosini hazm qila olmadi.

Munosabatlar ana shunday boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bir paytda NATO tomoni O‘zbekistonga yana bir bor imkoniyat berdi, o‘zaro munosabatlarni oydinlashtirib olish uchun uni ham Buxarest sammitida ishtirok etishga taklif etdi. Kuzatuvchilar tomonidan yon berish sifatidan baholanayotgan ushbu qadamni qanday izohlash mumkin? NATOning inson huquqlari borasidagi tanqidlarga ham qaramasdan nima uchun O‘zbekiston rasmiylari bilan aloqalarni qayta rivojlantirishga jur'at etyapti?

- Afg‘onistonda hozir oxirgi yillardagi eng og‘ir vaziyat yuzaga kelgan, - deydi siyosiy tahlilchi Azim Botirov. - Jangarilarning tobora kuchayib borayotgani va bosh ko‘tarayotgani ustiga narkotik moddalar tahdidi ham qo‘shilyapti. NATO bunday beqaror va murakkab vaziyatni bartaraf etishda esa O‘zbekistonning yordamiga umid qilyapti. Bryusselning barcha tanqidlarni bir chetga surib tavakkal siyosat yuritayotgani bejiz emas. O‘zbekiston haqiqatan ham strategik jihatdan juda qulay hududda joylashgan. Afg‘oniston bilan devor-darmiyon qo‘shni bo‘lgan mamlakatning harbiy koridorlaridan va imkoniyatidan foydalangan holda ko‘p amaliyotlarni amalga oshirish mumkin.

Bu o‘rinda NATO bilan munosabatlarni yaxshilash uchun O‘zbekiston tomonidan ham tuzukkina harakat bo‘lganini aytish kerak. Joriy yilning boshida O‘zbekistonda amnistiya akti bilan bir nechta inson huquqlari himoyachilari ozod etildi, rasmiy hukumat Xalqaro qizil xoch qo‘mitasiga qamoqxonalarga kirish uchun ruxsat berdi. Bu kabi yon berishlar bilan O‘zbekiston tomoni g‘arblik hamkorlarga, jumladan, NATOga o‘z pozitsiyasini yumshatish uchun yo‘l ochib berdi go‘yo.

Ayni paytda hamkorlik munosabatlarida asosiy qoida Toshkent tomonidan "diktovka" qilinayotgani aytilmoqda. Biroq bu o‘rinda NATO bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun ham ahamiyatli ekanidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Afg‘onistondagi vaziyatning yaxshilanishi O‘zbekiston uchun ham muhim. Nega deganda, amaldagi hukumat Afg‘oniston va u orqali Pokistondan kelayotgan ekstremizm xatarini kamaytirish uchun baribir NATO kabi qudratli hamkordan yordam so‘raydi.

Islom Karimovning Buxarest sammitida ishtirok etishi va G‘arb bilan aloqalarni yaxshilashga urinayotgani Toshkentning Kremldan butkul yuz o‘girganini anglatmaydi. Chunki O‘zbekiston prezidenti Buxarestga ketishidan bir necha kun oldin mamlakat parlamenti MDH doirasidagi, Moskva nazoratidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga qayta a'zo bo‘lish to‘g‘risidiga qonunni ma'qulladi.

O‘zbekiston rahbarining Yevropaga taklif etilishi ayrim inson huquqi himoyachilari tomonidan tanqidiy baholandi. Ushbu pozitsiya tarafdorlari energiya resurslari va xavfsizlik kabi masalalar tufa  yli demokratiya talabi ikkinchi planga tushib qoldi degan fikrdalar.

 

Views: 1036 | Added by: himoyachi | Rating: 0.0/0 |
Создать бесплатный сайт с uCoz
News calendar
«  Апрель 2008  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
282930
Login form
Search
Site friends

Statistics