O’zbekiston rahbari Islom Karimov Qozog’istonga safar qilib, bu
mamlakat rahbari bilan o'zaro hamkorlik va mintaqaviy masalalar haqida
gaplashgan.
Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning aytishicha O'zbekiston bilan erkin savdosi zonasi tuzish rejalanmoqda.
Bundan tashqari Markaziy Osiyo ittifoqiga asos solish taklifi, don
mahsulotlarining qimmatlashib borayotgani va suv zaxiralari bo'yicha
kelishmovchiliklar ham ko'rib chiqilgan.
Nazarboyev Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini tuzish tashabbusi bilan chiqqan. Qirg’iziston bu taklifni qo`llab- quvvatlagan.
Nazarboyev fikricha dunyo miqyosida energetik zaxiralar va
oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog`liq vaziyat chigallashar ekan,
mintaqada birlikka ehtiyoj sezilmoqda.
1990-yillarda Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti tuzulgan
edi, ammo u keyinchalik Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati tarkibiga
kirdi.
Karimov Nazarboyev ko’tarib chiqqan g’oya O'zbekistonga to'g'ri
kelmaydi deydi. Ostonada jurnalistlar savollariga javob berarkan,
prezident "Markaziy Osiyo davlatlari orasida ittifoq tuzish uchun
ularning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi va kuchi bir-biri bilan
tenglasha o'lishi kerak. Ikkinchidan, mazkur davlatlar rahbarlarining
siyosati va tanlagan yo'nalishlari bir-biriga mos bo'lishi lozim",-
dedi.
Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha O`zbekiston bu tashabbusdan chetda qolib ketgan.
“Nazarboyev mintaqada suv resurslari, energetik resurslardan
birgalikda foydalanish bo`yicha ham konsepsiya ishlab chiqqan. Bunga
Qirg`iziston va Tojikiston qo`shilgan. O`zbekiston va Turkmaniston
qolgan xolos. Turkmaniston ham deyarli rozi. O`zbekiston suvdan
foydalanish bo`yicha hozirgacha na Qirg`iziston, na Tojikiston bilan
muzokaralar qildi, hatto Qozog`iston bilan ham bu haqda gaplashgani
yo`q”, - deydi Yo`ldoshev.
Siyosiy tahlilchi Farxod Tolipov O`zbekiston mintaqaviy integratsiyaga muhtoj birinchi davlat deydi.
“Chegaralar ochilsa, O`zbekiston bundan eng ko’p manfaatdor bo’ladi,
chunki quruqlikda joylashgan. Mintaqa davlatlarining hammasi bilan
tutashgan. Iqtisodiy rivojlanish, dunyo bozoriga chiqish osonlashadi”,
- deydi Tolipov.
Nazarboyev-Karimov uchrashuvida don mahsulotlari qimmatlashayotgani ham qayd etilgan.
O’zbekiston Qozog`istondan katta miqdorda don import qiladi. Rasmiy
Ostona sentabr oyiga qadar bu turdagi eksportni to’xtatgan. Bu
O`zbekistonda un va non narxini ko’tarib yuborishi tayin.
Ikki davlat o'rtasidagi savdo aylanmasi bugun 1,4 milliard dollarni
tashkil etmoqda. Qozog'iston nazarida tomonlar bundan-da kengroq
hamkorlik qila oladi.