O’zbekistondagi iqtisodiy nochorlik tufayli minglab odamlar ish izlab Rossiyaga jo’nab ketmoqda.
Biroq u yerda og’ir mehnat qilib topilgan maoshni undirib olish oson emas.
Haqini talab qila olmaydigan noqonuniy muhojirlar qalloblarning
qo’lida o’yinchoq. Sharhlovchilar nazarida minglab fuqarolar
haq-huquqining poymol qilinayotganidan aslida kimlardir manfaatdor.
Rossiyada uch yil mobaynida qullikda ishlatilgan o`zbekistonliklar
rossiyalik tadbirkor Valeriy Aganesyandan 72 ming AQSh dollari
miqdorida ish haqi undirilishini talab qilmoqda.
Bu o`zbekistonlik mehnat muhojirlari qullikka tushayotgan birinchi
holat emas. Huquq himoyachilarining aytishicha, mazkur holatda ish
beruvchi kimligi, manzili aniq, da`vogarlar tayin, masala yechimi huquq
tartibot organlariga bog`liq.
Buxoroning Shofirkon tumanilik 11 nafar mehnat muhojiri 2003-2006
yillar oralig’ida Rossiyada bo`lgan. Ular uch yil mobaynida Rossiyaning
Barnaul shahri “Zaveti Ilicha” posyolkasida yashovchi Valeriy Aganesyan
qo`lida ishlagan.
Aganesyan ulardan
hujjatlarini torib olib, kaltak ostida ishlatgan. 2005 yilda
muhojirlardan biri qochishga muvaffaq bo`ladi. U Aganesyan ish haqini
to`lamasa, tegishli joyga xabar berishini aytib ogohlantiradi.
Valeriy Aganesyan moddiy qiyinchiliklar bois ish haqini keyinroq
to’lashga va`da beradi. O`zbekistonliklar maslahatlashib, ikki kishini
ish haqini olish uchun qoldirib, yurtga qaytadi.
Qolgan ikki muhojir - Tolib Qodirov, Ali Avezovlar bir yil mobaynida
ayovsiz ishlatiladi, keyin militsiya ularni O`zbekistonga deportatsiya
qiladi. Yaqinda ular huquq himoaychilariga murojaat qilgan.
“Uch yil mobaynida ular ish haqi olmagan. O`zbekistonga kelgach,
muhojirlar huquqini himoya qiluvchi biror tashkilot yo`qligi uchun
qayerga murojaat qilishni bilmay yurgan. Bu vaqt mobaynida Aganesyanga
ham telefon qilib maoshlarini talab qilib kelishgan, oxiri umidlari
puchga chiqqach, huquq himoyachilariga murojaat qilishgan,” - deydi
Qiynoqlarga tezkor javob berish guruhi vakili Suhrob Ismoilov.
Mazkur tashkilotning Buxoro viloyatidagi vakili Vohid Karimovning
aytishicha, Shofirkonning Sho`rob qishlog`ida istiqomat qiluvchi bu
yigitlarning ko`pi kasal bo`lib qaytgan.
“Aganesyanni o`zi uyda turib, Aris va Ardak degan ukalariga bularni
nazorat qilsini buyurgan. Ular kelsa, yigitlar yig’lab yuborar ekan,
shu darajada qo`rqishgan, sal narsaga kaltaklashgan. Aniq manzili,
ishlagan joylari, shahri ma`lum. Rossiya prokuraturasi ham, boshqasi
ham shunga e`tibor qaratadi deb o’ylaymiz. 11 kishidan to`qqiztasi
ikki yil ishlagan, qolgan ikki kishi uch yil ishlagan, ular hammasini
hisoblab ish haqimiz 72 ming dollar bo`ladi, shuni bersin deb talab
qilmoqda,” - deydi Vohid Karimov.
Suhrob Ismoilovning aytishicha, masalani hal qilish Rossiya va O`zbekiston huquq tartibot organlari qo’lida.
“Agar ular birgalashib bu ishni rasmiy darajaga ko`tarsa, albatta,
muhojirlarning ish haqini qaytarish imkoniyati bor, hali da`vo ariza
bildirish vaqti o`tmagan,” - deydi u.
O`zbekistonliklar muhojirlar uch yil mobaynida Barnaulning Aleyskiy
tumanida ikkita chorva fermasi qurishgan, bolalar bog`chasi, maktab,
madaniyat saroyini ta`mirdan chiqarishgan.
Aleyskiy tumani Ichki ishlar boshqarmasi va prokuratura binosini
ta`mirlashgan, ko`chalarga asfalt yotqizib, remont qilishgan, kuniga 14
soatdan qul sifatida ishlatilgan.
Shofirkonlik muhojirlar bilan bo`gliq hodisa birinchi va oxirgisi
emas, millionlab fuqarolar mamlakat tashqarisidan ish qidirishga
majbur, yuzlab o`zbekistonliklar Rossiyada, Qozog`istonda qul qilib
ishlayilayotgani haqidagi xabarlar tez-tez uchraydi.
O’zbekistondagi ishsizlik, og`ir iqtisodiy ahvol, deyarli 6-7
millionga yaqin mehnat muhojirlarining himoyasi uchun hukumat hech
narsa qilmayotgani bunga sabab qilib ko’rsatilmoqda.