Понедельник, 2024-04-29, 16.43
 "HIMOYACHI"
 
Halqaro Huquq Himoyachilari  Jamiyati
ЎЗБЕКЧА  РУССКИЙ ENGLISH  SVENSKA  AF SUMALI  العربيه 
MainRegistrationLogin
Welcome, Гость · RSS
Site menu
Our poll
Rate my site
Всего ответов: 12
 
Main » 2008 » Сентябрь » 20 » Ikrom Yoqubov: sobiq agent yoki vatan xoini?
Ikrom Yoqubov: sobiq agent yoki vatan xoini?
13.00
Ikrom Yoqubov: sobiq agent yoki vatan xoini?

27 yoshli Ikrom Yoqubov hukumatni qora ishlarda ayblayotgan birinchi shaxs emas. Istasangiz, Ikrom Yoqubovning hech bir so'ziga ishonmasligingiz mumkin.

Islom Karimov rahbariyatini zolimlikda ayblab, o'zini sobiq maxsus xizmatchi deb atab, Britaniyadan siyosiy boshpana so'rayotgan Ikrom Yoqubov vatanda qattiq qoralanmoqda. Ikrom Yoqubov 16 yoshga to'lmay Milliy Xavfsizlik Xizmatida ishlay boshlaganini, turli vazifalarda, jumladan Milliy Xavfsizlik Kengashida faoliyat ko'rsatganini va bu yillar mobaynida hukumat tomonidan tinimsiz adolatsizliklarga guvoh bo'lganini aytadi. Yoqubovning iddao qilishicha, yuzlab insonlarning o'limiga sabab bo'lgan voqealar, xususan 1999 va 2004 yildagi portlashlar, 2005 yildagi Andijon fojiasi ortida hukumatning qo'li bor. 27 yoshli Ikrom Yoqubov hukumatni qora ishlarda ayblayotgan birinchi shaxs emas. Istasangiz, Ikrom Yoqubovning hech bir so'ziga ishonmasligingiz mumkin. Milliy Xavfsizlik Xizmatiga ko'ra Yoqubovning iddaolari mantiqsiz va munosabat bildirishga arzimaydi. "Men hech kimdan menga ishonishni talab qilayotganim yo'q. Nimani  ko'rgan bo'lsam, o'sha narsalarni baralla aytdim. Bu Ikrom Yoqubov degan bir shaxsning qalb faryodlari emas, balki meni O'zbekistonning oddiy bir fuqarosi, erkaklari qul qilingan, ayollari fohisha qilingan, qonunlari yo'q, o'z hukumatidagi arboblari tomonidan qaro yer kabi zabul qilingan bir xalq vakili sifatida tan olishlarini istagan bo'lardim",- deydi Ikrom Yoqubov.    Tabiiy bir savol tug'iladi. Nega shuncha yillar hukumat xizmatida bo'lib, Karimov olg'a surgan siyosatni amalga oshirganini aytayotgan kishi bugun aynan bugun bosh ko'tarmoqda? "Men vatanga xizmat qilishni, millatim xavfsizligini ta'minlashni istagan edim. Lekin ichkarida nima bo'layotganini o'z ko'zim bilan ko'rganimdan keyin, guvoh bo'lganimdan keyin, millatimga, xalqimga qarshi, uning ustida o'tirgan hukumati, Karimov boshliq bir to'da qaroqchilarni aytmoqchiman, qanaqa jinoyatlar sodir etayotganini ko'rganimdan keyin chiday olmadim".   Buni quruq safsata deb atayotgan sharhlovchi Sharofiddin To'laganov "Ikrom Yoqubov qay yuz bilan bunday iddaolar qilmoqda"? – deya hayron. Unda buning uchun qanday asos bor? Maqsad nima? Agar, deya so'raydi u, Ikrom Yoqubov haqiqatdan ham Milliy Xavfsizlik Xizmatida o'z aytayotganidek muhim vazifalarda ishlagan bo'lsa, davlat sirlarini saqlashga va davlat xavfsizligi uchun xizmat qilishga so'z bermaganmi axir?   "Qasam ichib bunday qilganlar xoin sifatida ko'riladi. Men ochig'i shubhalanaman bu odamning Milliy Xavfsizlik Xizmatida shtatda ishlaganiga. Maxfiy hujjatlarga Ikrom kirmagan… umuman kirmagan deb o'ylayman. U yerda maxfiy hujjatlarga kiradigan shaxslar bor, kirmaydigan shaxslar bor. Yosh bolani bu hujjatlarga kirishiga men umuman ishonmayman",- deydi Sharofiddin To'laganov. Ikrom Yoqubov bunga quyidagicha javob beradi: "Agar zulmga qarshi zulm degan kishi vatanga xiyonat qilgan bo'lsa, unda xiyonatkorlarning kattasi menman. Yohud konstitutsiyani, qonunlarni mensimasdan, o'zining shaxsiy hokimiyatini, xohish-irodasini mutlaq qilib qo'ygan shaxslarning yolg'onlarini fosh qilgan kishi yolg'onchi bo'lsa, unda men dunyodagi eng katta yolg'onchiman".  Ikrom Yoqubov Milliy Xavfsizlik Xizmatida fig'onda yashayotgan, ruhan azobda ishlayotgan, siyosatdan norozi odamlar ko'p deydi.    "Men bilan birga ishlagan, men bilan birga bir xonada o'tirgan, men bilan birga O'zbekistonni, to'g'rirog'i, men hozir O'zbekistonni Karimoviston deb atayman, Karimoviston va Karimovning xavfsizligini ta'minlagan shaxslar mening qanaqa tabiatga ega ekanimni juda yaxshi bilishadi. Ular mening bu bayonotlarimdan hech ham ikkilanishmaydi. Hali Milliy Xavfsizlik Xizmati ham yoki O'zbekistondagi biror rasmiy idora ham bizda bunday xodim bo'lmagan deya ayta olmayapti va ayta olmaydi ham",- deydi u. Ikrom Yoqubov 2007 yilda AQSh Davlat departamenti granti bilan bu davlatga safar qilgan. Amerika unda katta taassurot qoldirganini aytadi. "Amerikada olgan eng katta sabog'im shu bo'ldiki, bu davlatning, e'tibor bering, davlatning oddiy fuqarolar, xalq oldida mas'ul ekanini men Amerikaga kelib kashf etdim. Bizdagi, O'zbekistondagi kabi xalq davlat oldida mas'ul emas ekan u yurtda". Sharofiddin To'laganov kabi Yoqubovni gumon ostiga olayotgan kishilar fikricha esa "maxfiy ishlar, hukumatning ishlarini shu qadar yaqindan bilgan "agent" ishdan ketgach, Toshkentda bemalol ishlab yurgan, hatto jurnalistlik qilgan va chet ellarga safarga chiqqan bo'larmidi? Ikrom Yoqubov o'zini "muhim bir shaxsdek ko'rsatmoqda, aldayapti",- deydi bu tanqidchilar.  Ikrom Yoqubov hozir Britaniyada va bu davlatdan siyosiy boshpana so'ragan.  "Muxolifatchi emasman. Dardimni va iddaolarimni aytib hech qanday shaxsiy foyda ko'zlayotganim yo'q",- deydi u. "Uzoq o'ylanib, vijdon azobida yonib, ko'rgan bilganlarimni aytishga qaror qildim. Butun oilam O'zbekistonda... Ular taqdiridan juda xavotirdaman",- deydi Ikrom Yoqubov. "Bir vaqtlar balki men sobiq NKVDning ofitserlaridan biri bo'lgan bobomga havas qilib o'sgardirman",- deydi u. "Shuning uchun ham bu idoraning (SNB) takliflarini bajonidil qabul qilib, unga ishlashni boshlagan edim".   Lekin bu idora faoliyati nimadan iborat ekani ayon bo'lgach umidlar puchga chiqdi deydi Yoqubov. "Shunaqa bir qarama-qarshi fikrlar paydo bo'la boshladi… Biz o'zi millatga, xalqqa xizmat qilayapmizmi, o'zi kimga xizmat qilayapmiz degan. Men buni anglab yetganimda, aniqrog'i, menga professional chekistlar aslida kimga, xalqqa emas, qanaqadir bir shaxsga xizmat qilayotganimni anglatishganida, kech bo'lgan edi. Dahshatga tushgan edim, qiynalgan edim. Siz mening ko'rinishimga e'tibor bering. Men 27 yashar yigitga o'xshamayman, tabiatan ham. Chunki bu idorada, hukumat muassasalarida ishlaganim mobaynida faqat og'riq sezdim". Ikrom Yoqubovning hukumatga qo'yayotgan ayblovlaridan biri shuki, Islom Karimov diniy radikalizm va terrorizmni bahona qilib, o'z siyosiy xavfsizligini ta'minlab kelmoqda. Masalan, deydi u, O'zbekiston Islomiy Harakati, xalqaro hamjamiyat tomonidan terroristik tashkilot deb tan olingan guruh yetakchisi "Tohir Yo'ldosh Islom Karimov bilan til biriktirgan". Uning bu gaplari o'tgan kunlar ichida turli axborot vositalarida paydo bo'lgach, Internetda o'zini Tohir Yo'ldoshning tarafdorlari deb tanishtirgan ayrim kimsalar Ikrom Yoqubovni tuhmatda ayblab, uni o'ldirgan kishiga 500 ming dollar va'da qila boshlagan. Ikrom Yoqubov esa iddaosini isbotlashga urinib, 1999 yilning may oyida Botkenda yuz bergan janglarni eslatadi. "Islomiy O'zbekiston Harakatining katta bir qismi Botkenda Tohir Yo'ldoshdan talab qildiki, agar biz Karimovga qarshi jihod qilayotgan bo'lsak, kiraylik bizni to'xtatib qoladigan kuch yo'q deb. Bunga qarshi chiqqan yagona inson bu Tohir Yo'ldosh bo'ldi va hammaga ortga chekinishni buyurdi. Ana o'shanda Islom Karimovga qarshi urushayapmiz deb, ushbu g'oyaga ishongan 17 kishi Tohir Yo'ldoshga baralla, "Yo'q, biz sendan ajralamiz. Sen Islom Karimovga qarshi kurashmayapsan",- dedi.  Tohir Yo'ldosh o'shanda aytdiki, "Hozir vaqti emas. Ana xohlasang, ketaveringlar". O'sha 17 kishiga qurollarini topshirishni buyurdi. Ana o'sha yosh, Tohir Yo'ldoshga ishonib, Islom Karimovga qarshi jihod qilamiz deb bir shaytonga ishonib yurgan yoshlar qurollarini topshirib, 300 metr ham uzoqlashmay, Tohir Yo'ldosh ularni otib o'ldirishga buyruq berdi. Buni [Islomiy] harakat ichidagi Milliy Xavfsizlik Xizmati ofitseri Tohir Yo'ldoshdan xatni olib, O'zbekiston Respublikachi Milliy Xavfsizlik Xizmatiga keltirib berdi... Tohir Yo'ldosh Islom Karimovga qarshi jihod qilaman deb minglab o'zbek yoshlarini aldab olib borib Al-Qoidaga millionlab dollar evaziga qul qilib bergan...". O'zbekistonda hukumatga ochiq qarshilik bildirgan odam va uning yaqinlari organlar tomonidan albatta nishonga olinadi, deydi Ikrom Yoqubov, "Lekin  Tohir Yo'ldoshning yaqinlari bemalol yashab yuribdi". Ikrom Yoqubovni alamzada bir odam deya ta'riflab, uni vatanga xiyonat qilayotganlikda ayblayotgan Sharofiddin To'laganov fikricha bu shaxs milliy xavfsizlik qanday ta'minlanayotganidan xabardor emas. Yoqubovning aytayotganlari uydirma bir gaplar deydi u.  "Ikrom Yoqubovdan bir qahramon yaratilishiga qarshiman. Tarixda, bilasizmi, Mahmud Yalovoch deb bir sotqin odam o'tgan. Chingizxonga Markaziy Osiyoni bosib olishida yordam bergan. Tarixda umumiy til bilan sotqinlarning hammasi Mahmud Yalovochga qiyoslanadi. Bundan keyin sotqinlarning hammasi endi Ikrom Yoqubov nomi bilan bog'lansa ajabmas. Bu nafaqat mening fikrim, balki bu yerdagi ziyolilar, jurnalistlar va o'zini hurmat qilgan boshqa insonlar ham shu fikrda". Ikrom Yoqubov esa O'zbekiston maxfiy xizmatni - Milliy Xavfsizlik Xizmati emas, Karimov xavfsizlik xizmati deb ataydi. Buni ochiq aytish sotqinlik emas deydi.    "Milliy Xavfsizlik Xizmatining ustuvor vazifasi, strategik maqsadi qilib faqat bir shaxs, ya'ni Islom Karimov xavfsizligini ta'minlash, uning hokimiyatda qolishini ta'minlashdan iborat bo'lib qoldi. Shuning uchun ham Milliy Xavfsizlik Xizmatida shunaqa bir ikkilanishlar, ko'plab ofitserlar orasida norozilik kuchayib ketgan. Bu norozilikning birinchi ko'rinishi menman",- deydi u.    Ikrom Yoqubov axborot xavfsizligi bo'yicha ishlaganini aytadi. Chet el matbuotiga xizmat qilayotgan o'zbekistonliklar, xususan "Amerika Ovozi", "Ozodlik" va Bi-Bi-Si" xodimlari va muxbirlari doimiy nazorat ostida bo'lgani va kuzatilgani, ularning har bir qadami haqida ma'lumotga ega bo'lganini aytadi.  "Masalan sizsiz o'shalardan biri. Men sizga suhbatdan oldin shunday bir yopiq informatsiyalarni aytdimki, balki siz o'zingiz hayron qolgan bo'lishingiz mumkin. Men O'zbekiston Respublikasi axborot xavfsizligi kuratori sifatida nafaqat siz, umuman shu sohada ishlovchi barcha odamlar haqida informatsiyaga ega edim. Sizlar mening ob'yektim edingiz". 2007 yilning oktabr oyida O'shda o'zbek jurnalisti, "Amerika Ovozi" muxbiri va O'zbekiston hukumatiga nisbatan tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Alisher Soipov o'tib o'ldirilgan edi. Qotillik ortida O'zbekiston agentlari turgani taxmin qilinadi.  Ikrom Yoqubov "bu borada hech narsa deya olmayman",- deydi. U paytgacha Yoqubov davlat ishidan ketganini aytadi. "Biroq hukumat o'ziga halal berayotgan odamlardan qutulishga harakat qilishi sir emas".   Ayrimlar nazarida Ikrom Yoqubov ikki-tomonlama xizmat qilayotgan agent yoki boshpana olish, tanilish, shaxsiy manfaatlar yo'lida shov-shuv ko'tarishga urinayotgan shaxs bo'lishi mumkin.  "Mendan shubhalanishga, menga ishonmaslikka haqqingiz bor",- deydi Ikrom Yoqubov. "Lekin men  muhojirlikka chiqib ketishga majbur bo'lgan oddiy bir o'zbekman".                        "Men hech qanday muxolifat yoki oppozitsion guruhga a'zo emasman. Ikki tomonga o'ynayotgan josus ham emasman. Men oddiy, hozir o'z vatanida davlat tomonidan, maxsus xizmat tomonidan xoinlikda ayblanayotgan va tahdidlar qilinayotgan bir shaxsman. Bu hayot ekan, hayotning shunday bir ko'chalari bo'lar ekan, bu ko'chalarga kim va qanday holatda kirishini aynan hayotning o'zigina biladi".  
Views: 1274 | Added by: himoyachi | Rating: 0.0/0 |
Создать бесплатный сайт с uCoz
News calendar
«  Сентябрь 2008  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930
Login form
Search
Site friends

Statistics