Воскресенье, 2024-05-05, 04.27
 "HIMOYACHI"
 
Halqaro Huquq Himoyachilari  Jamiyati
ЎЗБЕКЧА  РУССКИЙ ENGLISH  SVENSKA  AF SUMALI  العربيه 
MainRegistrationLogin
Welcome, Гость · RSS
Site menu
Our poll
Rate my site
Всего ответов: 12
 
Main » 2008 » Октябрь » 17 » Islomiy bank: tavakkal qilish moliyaviy inqirozga yetaklaydi
Islomiy bank: tavakkal qilish moliyaviy inqirozga yetaklaydi
22.54

[insert caption here]

 

 
Islomiy bank: tavakkal qilish moliyaviy inqirozga yetaklaydi

Foizsiz qarz beruvchi Islomiy Taraqqiyot Banki rahbari Ahmad Muhammad Ali al-Madaniyning aytishicha xalqaro iqtisodiy inqirozga chayqovchilik va uzoqni o'ylamay pul tikish sabab bo'lgan. Bankka Markaziy Osiyoning barcha davlatlari a'zo.

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida asoslangan Islomiy Taraqqiyot Banki Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga moliya ajratib keladi. Shariaga muvofiq ish yurituvchi, ya'ni hech qanday foizsiz qarz beruvchi ushbu bank rahbari Ahmad Muhammad Ali al-Madaniyning aytishicha xalqaro maydondagi bugungi iqtisodiy inqiroz tashkilotga zarar yetkazmagan. Ammo, deydi u, jamg'arma unga a'zo davlatlardagi ahvoldan tashvishda. Bugungi dunyoda foizsiz bank yuritish mumkinmi?  Al-Madaniy "bankimiz tuzilibdiki, shu tarzda ishlab kelmoqda, demak, bu mumkin", - deydi. "Bankimiz 1973 yilda tashkil topganidan beri bugunga qadar 50 milliard dollar jamg'ardi. Mablag' 56 a'zo davlatdan keladi, ularning qurbiga qarab. Moliya so'ragan tomonning maqsadini izchil ko'rib chiqib, unga hamkor bo'lishni taklif qilamiz. Ya'ni bir sarmoya kiritamiz va shu tariqa bu biznes egalaridan biriga aylanamiz yoki loyihani quvvatlab, u keltirgan daromadga sherik bo'lamiz". Al-Madaniyning tushuntirishicha islomiy banklar uchun "sukuk", ya'ni "zayom" - qarz hujjati eng muhim narsa. U asl mulkka tayangan holda beriladi, ya'ni uzoq yoki qisqa muddat uchun molingizni garovga qo'yib, bu bankdan sarmoya olasiz. "Biz quruq bashoratga berilmaymiz. Chayqovchilik qilmaymiz. Taxminlarga ishonib, pul tikmaymiz", - deydi Islomiy Taraqqiyot Banki prezidenti. "Bugungi xalqaro moliya tizimidagi muammo, uni tanazzulga yetaklagan sabab bu tavakkal qilish. Islomiy moliyada esa tavakkal bu xavf. Pul tikish va qimor harom". Osiyo va Afrikadagi a'zolar yordamga muhtoj, deydi al-Madaniy. "Shu oy oxirida Jiddada to'planib, masalaga birgalikda yechimlar topish umididamiz. Vaziyatni o'nglash uchun yangi moliyaviy vositalar kerak. Barcha resurslarni ishga solmoqchimiz. A'zolarimiz asosan rivojlanayotgan mamlakatlar. Ularning bank tizimini mustahkamlab, xalq ishonchini oshirish oshirish kerak. Demak tizimlarni qayta ko'rib chiqmasak bo'lmaydi. Islomiy Taraqqiyot Banki texnik yordam va maslahat berishga tayyor". Al-Saud qirolligi taklifi bilan yaratilgan bank o'zini musulmon dunyosida qashshoqlikka qarshi kurashuvchi muassasa deb biladi. Ta'lim va tibbiyot sohalari rivoji uchun grantlar ajratib keladi.Tashkilot hukumatlar bilan yaqindan ishlaydi, jumladan Markaziy Osiyoda va xususan O'zbekistonda. Tashkilot, deydi tanqidchilar, Jahon Banki va Xalqaro Moliya Jamg'armasi singari hukumatlar bilan til biriktirib, mustaqil muassasalarga kam e'tibor qaratadi. Al-Madaniy bunga javoban "biz hukumatlar qo'lida chek tutqazayotganimiz yo'q",- deydi. "Markaziy Osiyo bankimiz uchun muhim va sarmoyaga muhtoj mintaqa. Hukumatlar bilan, xususan O'zbekiston bilan yaxshi munosabatdamiz. Mamlakat tadbirkorlarini arab va boshqa davlatlardagi biznesmen va sarmoyachilar tanishtirib kelamiz. Lekin mablag' ajratishdan oldin maxsus kengashimiz da'vogar maqsadini obdon o'rganib chiqadi. Biz loyihani amalga oshirayotgan tomon bilan ishlaymiz. Masalan, biror inshoot qurilayotgan bo'lsa, quruvchi va material ta'minlovchi haq to'lanadi. Hech bir hukumatning cho'ntagiga pul solayotganimiz yo'q. Har bir dollarimiz xalq manfaati uchun xizmat qilayotganini kafolatlaymiz. Qirg'izistonda biz asos solgan islomiy bank keng qanot yozmoqda. Qo'shni davlatlar ham bu turdagi banklarga qiziqib qolgan. Gap ishonchda",- deydi al-Madaniy. Almatida mintaqaviy idoraga ega bank hech bir davlatlarning siyosiy ta'siri ostida emasligini, diniy-mafkuraviy tashviqotdan yiroq ekanini qayd etadi. Lekin Saudiya Arabistonini vahobiylikda, aqidapast siyosatda ayblovchi tomonlar bunga ishonmaydi. Bank vahobiylardan tushgan pulni G'arbda, xususan AQShda masjidlar qurish uchun taqdim etgan deya tergov ishlari ochilgan. Islomiy Taraqqiyot Bankiga eng ko'p hissa qo'shadigan davlatlar  - Saudiya Arabistoni, Sudan, Quvayt, Liviya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr, Indoneziya va Pokistondir. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, ushbu bank Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini texnik uskunalar bilan ta'minlash uchun 1998 yilda 293 ming dollar, 2000 yilda Imom al-Buxoriy maqbarasi qoshida Doril-Xadis madrasasi qurish uchun 255 ming dollar bergan. A'zolikka esa O'zbekiston 2003 yilda qabul qilingan. 2006 yilgacha respublikaga jami 453 ming dollar berilgan va o'sha yili O'zbekistonning bankdagi hissasi 0,03 ni tashkil etgan. Markaziy Osiyo va Ozarbayjonda shu kungacha Islomiy Taraqqiyot Banki qariyb 800 million dollar ajratgan. Mablag' asosan transport va texnologiya sohasi, tibbiyot va ta'lim jabhalariga sarflangani e'tirof etiladi.        

Guantanamodagi uyg'ur mahbuslar boshpanaga muhtoj

AQSh federal sudi va Bush ma’muriyati o’rtasida katta tortishuvlarga sabab bo’layotgan Guantanamodagi uyg’ur mahbuslar masalasi shu kunlarda yana muhokama ostida. Ularga boshpana beradigan mamlakat topilmagani bois mahbuslar hamon qamoqda.

AQSh federal sudi va Bush ma’muriyati o’rtasida katta tortishuvlarga sabab bo’layotgan Guantanamodagi uyg’ur mahbuslar masalasi shu kunlarda yana muhokama ostida. AQShga qarshi qurol ko’targani yoki terrorga aralashgani isbotlanmagan 17 nafar uyg’ur 2004 yilda oqlangan edi. Ammo ularga boshpana beradigan mamlakat topilmagani bois mahbuslar hamon qamoqda saqlanmoqda. AQSh Adliya vazirligi o’tgan hafta Apellyatsion sudga murojaat etib, uyg’urlarning AQSha qolishiga doir hukm qayta ko’rib chiqilishini so’ragan. Da’vo qilinishicha, avval mahbuslarga boshpana beradigan mamlakat topilishi kerak. Ularning AQShga kiritilishi mumkin emas, chunki mamlakat immigratsiya qonuniga zid. Ammo aslida, deydi mutaxassislar, AQSh hukumati uyg’ur mahbuslarning ozod etilishi Guantanamodagi boshqa mahbuslarni ham qamoqdan chiqishiga zamin hozirlashidan tashvishda.Amerikadagi uyg’urlar jamoasi esa uyg’ur mahbuslarning AQShda qolishi uchun imkoniyat qidiryapti. "Amerika Ovozi" Vashingtonda faoliyat yurituvchi uyg’ur huquqshunos Nuri Turkel bilan suhbatlashdi. Muloqotni yuqoridagi audiolavhada tinglang.

Ozarbayjonda prezident Ilhom Aliyev ikkinchi muddatga saylandi

Ozarbayjonda o'tgan prezident saylovlarida mamlakatning amaldagi rahbari Ilhom Aliyev ikkinchi besh yillik muddatga saylandi. Aliyevga saylovchilarning 89,4 foizi ovoz bergan.

Ozarbayjonda o'tgan prezident saylovlarida mamlakatning amaldagi rahbari Ilhom Aliyev ikkinchi besh yillik muddatga saylandi. Ozarbayjon Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mazohir Panohovning aytishicha, Aliyev uchun saylovga chiqqan fuqarolarning 89,4 foizi ovoz bergan. Jami saylovlarda ovoz berish huquqiga ega ozarbayjonliklarning 77 foizi ishtirok etgan. Bir necha muxolif partiya boykot qilgan poygada yetti nomzod qatnashgan. Ozarbayjonga 400 nafar kuzatuvchi yuborgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlar bo'yicha dastlabki xulosasini payshanba kuni e'lon qiladi. Saylovlarda jami 47 ming kishi kuzatuvchilik qilgan, ulardan 1258 nafari 59 mamlakat vakili. 

Geyts global tahdidlarga qarshi yangicha kurash taklif qilmoqda

Geyts xalqaro hamjamiyat Afg'onistondagi kabi xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf qilish uchun yangi turdagi tashkilotlar tuzmog'i kerak deydi. Terrorchilarga qarshi kurashda hamkor davlatlar o'z harbiylari faoliyati doirasini cheklamasligi zarur.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Afg'onistondagi kabi xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf qilish uchun yangi turdagi tashkilotlar tuzmog'i kerak. Bunday tashkilotlar ham harbiy, ham noharbiy vazifalarni bajarish salohiyatiga ega bo'lishi zarur, deydi u. Robert Geyts ta'biricha, Qo'shma Shtatlar bu kabi institutlarni yaratishda yoki mavjud tashkilotlarni isloh qilishda bosh-qosh bo'lishi darkor. "Eskicha ish uslubimizni o'zgartirib, global muammolar bilan shug'ullanuvchi ham mahalliy, ham xalqaro tashkilotlar yaratishga tayyor turishimiz kerak," deydi Geyts.Bunday muammolar qatoriga etnik ziddiyatlar, iqtisodiy tanazzul, tabiiy ofat hamda epidemiya kiradi. "Zaif davlatlarda mazkur muammolar ba'zida zo'ravonliklarga olib kelishi, bu esa mamlakatlarni yanada zaiflashtirib uni terrorchilar iniga aylantirishi mumkin," deydi AQSh mudofaa vaziri. Terrorchi va jangarilarga qarshi kurashda mamlakatlar o'z harbiylari faoliyati doirasini cheklamasligi zarur. Zaif mamlakatlarda mahalliy armiyani tayyorlash tajribasiga ega bo'lish kerak. Iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, hukumat boshqaruvini yaxshilash, qayta qurish ishlarini olib borish, qoradori savdosiga qarshi samarali kurashish uchun yetarlicha bilim va salohiyatga ega bo'lish lozim. Geyts ta'biricha Afg'oniston bu borada sinov maydonidir. "Afg'onistonda muvaffaqiyatga erishish uchun NATO, Yevropa Ittifoqi, nodavlat tashkilotlar va boshqa guruhlar o'z harakatlarini o'zaro va Afg'oniston hukumati bilan muvofiqlashtirishi zarur. Ayni damda buni ko'rmayapmiz," deydi Robert Geyts. Vazir nazarida xalqaro koalitsiya Afg'onistonda mamlakat etnik tizimini hisobga olmagan. Bir-biridan farq qiluvchi yuzlab qabilalar borligini inkor etgan va ayni damda mahalliy yetakchilar bilan ishlashga harakat qilmoqda.

Obama-Makkeyn. Debatlar tugadi, navbat saylovga

Obama va Makkeyn so'nggi, uchinchi debatida asosan erkin savdo, adliya tizimi, abort qilish huquqi, iqtisodiyot, sog'liqni saqlash va oliy ta'lim tizimlari haqida bahs yuritdi. Saylovlar 4 noyabrda o'tkaziladi. 

Kecha Nyu-York shtatida prezidentlikka nomzodlar respublikachi Jon Makkeyn va demokrat Barak Obama saylovlardan oldingi so'nggi teledebatda ishtirok etdilar. Munozara asosan iqtisodiyot, ta'lim, sog'liqni saqlash va nomzodlarning shaxsi haqida bo'ldi. Bu nomzodlarning uchinchi teledebati edi. Respublikachi Jon Makkeyn o'zini partiyadoshi, amaldagi prezident Jorj Bushdan uzoqroq tutishga harakat qilib, dasturi o'zgacha bo'lishini aytdi. Fuqarolarga yangi soliqlar solinmaydi deb, Obamani soliqlarni oshirishga harakat qilayotganlikda aybladi. "Soliqlarni nega oshirmoqchisiz? Mamlakat boshidan og'ir kunlarni kechirayotgan bir paytda bunga ehtiyoj bormi?" deya Obamadan so'raydi Makkeyn.  Obamaning aytishicha, u aksincha o'rta hol amerikaliklar solig'ini tushirmoqchi. Makkeyn prezident etib saylansa, deydi Obama, Bush iqtisodiy siyosatining davomini ko'ramiz. "Soliq, energetika, xarajatlar masalasida hamisha prezident Bushni qo'llab-quvvatlab kelgansiz. Siz taklif qilayotgan dastur so'nggi sakkiz yillik siyosatning davomidir. Amerikaliklar bunday siyosat ish bermasligini anglab yetgan. Biz boshqa yo'ldan borishimiz kerak," deydi Obama Makkeynga murojaat etib. Makkeyn o'z navbatida Obamaning o'tmishini, uni shubhali shaxslar va tashkilotlar bilan aloqalarini ko'tardi.Tomonlar bir-birini saylov kampaniyasi davomida shaxsiyatga hujumlarda aybladi. Nomzodlar shuningdek erkin savdo, adliya tizimi, abort qilish huquqi va oliy ta'lim tizimi haqida o'z pozitsiyalarini bildirdi. Ayrim ijtimoiy so'rovlarga ko'ra Obama Makkeyndan 7 foiz oldinda ketmoqda. Ammo bu galgi saylovlarda kimga ovoz berishni bilmay ikkilanib turgan saylovchilar soni to'rt yil oldingiga qaraganda ikki baravar ko'pligi aytilmoqda. Saylovlar 4 noyabrda o'tkaziladi. Shu kuni Senat va Vakillar Palatasiga ham saylovlar bo'ladi.
Views: 1133 | Added by: himoyachi | Rating: 0.0/0 |
Создать бесплатный сайт с uCoz
News calendar
«  Октябрь 2008  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031
Login form
Search
Site friends

Statistics