AQShda
har yil noyabr oyining oxirgi payshanbasi, ya’ni bugun, o’ziga xos bir
bayram. Uni oddiy qilib, “Shukronalik kuni” deyishadi. An’ana tarixi
XVII asrga borib taqaladi.
Amerika diyoriga kelgan ilk yevropaliklar yangi zaminda yetishtirgan
birinchi hosilni olar ekan, xudoga va momo yerga rahmat aytadi; baraka
va tinchlik-xotirjamlik tilaydi.
O’shandan beri shukronalik kunida Amerika oilalarida katta dasturxon yoziladi.
Asosiy taom – kurka, Shimoliy Amerika xalqlari sevib yeydigan go’sht. Ushbu bayram din yoki elat tanlamaydi.
Amerikada yashayapsizmi, demak, sizdan ham shukur qilish, do’stu-birodarlar bilan bir burda noningizni baham ko’rish kutiladi.
Dunyoda til borki, “rahmat” degan so’zga ega. Xudoga shukur qilish esa har bir dinga xos qadriyat.
Shukur qilish har bir dinga xos odat
Nyu-York
yahudiylari yetakchilaridan Maykl Strassfeld fikricha, inson har kuni
yorug’lik va go’zallikda o’tgani, hayot ne’matlaridan bahramand
bo’lgani uchun ham xudoga rahmatlar aytib yashashi kerak.
Odatda inson boshiga kulfat tushgandagina xudoni eslab qoladi, deydi ravvin:
“O’lim
haq deyishadi. Shu sabab bo’lsa kerak, o’tganlarni duo qilib,
tiriklarga umr tilaymiz va hayotligimiz uchun xudoga shukur aytamiz.”
Nasroniylar
ham shuni ta’kidlaydi. Injilda yozilishica shukuronalik bu ezgulikdir.
Ko’rsatilgan iltifot yoki yog’ilgan nazarga qaytarilgan javob.
Ruhoniy Jeyms Kovalskiy Iso Masih hikoyasini eslaydi:
“Payg’ambar
bir necha odamni davolasa-da, unga rahmat aytish uchun faqat bir inson
qaytib keladi. Shunda Iso Masih seni tashakkur aytishing nafaqat
jisming balki ruhing ham shifo topganidan dalildir, deydi”.
Islomda
ham Olloh - shukronalik va rag’bat manbaidir. Ollohni bejiz
“ra’ziyaalloh” - rizolik ilohi deyishmaydi. Shayx Farixaning
aytishicha, islom ta’limoti har soniya shukur qilishni targ’ib qiladi.
“Shukur qiling, Ollohga intiling, shunda dunyo ham sokinroq bo’ladi”, - deydi shayx.
|
“Qur’onga
bir mo’jiza manbai sifatida qarashadi. Unda keltirilgan har bir voqelik
tagida butun olam, unsir-u jinslar sohibi Ollohga hamd-sano
keltiriladi. Quyosh, Oy, yulduzlar borki, o’z yaralish manbaidan
minnatdor. Ana shu shukronalik esa hayot davom etishi uchun asosdir.
Inson tug’ilishidan boshlab to qabrgacha shukronalik ruhi bilan
yashasa, yuragida yovuzlik bo’lmaydi. Bu esa dunyoni hozirda mavjud
xunrezlik va zo’ravonliklardan xoli saqlagan bo’lardi. Sabab yaratgan
tangri shukronalik evaziga rag’bat beradi”, - deydi shayx Farixa.
Buddistlar
esa “reinkarnatsiya”ga ishonadi, ya’ni ruhlarning ko’chib yurishiga.
Buddistlar har bir ruh, vaqti kelib bir marta bo’lsa ham ona timsolida
kelishini aytadi.
Shu sabab kim bo’lishidan qat’iy nazar bir-birimizga oqibatli bo’lib, shukur aytishni kanda qilmaylik, deydi ular.
Dunyoda
ko’p xalqlar Hosil bayramini nishonlaydi. Shu jumladan, Amerika tub
aholisi bo’lmish hindu qabilalari ham. Har yil kuzda ona yer to’qchilik
va to’kin-sochinlik uchun minnatdorchilik bildiriladi.
Amerikada
Shukronalik bayrami – dam olish kuni. Biror sabab tufayli bir-biridan
uzoqlashgan oilalar bayram bahona katta dasturxon atrofiga yig’iladi.
Vashington markazida gavjum bir oshxona bor…
Ko’p
shaharlardagi restoran va mehmonxonalarda isrofgarchilik tabiiy hol.
Lekin ayrim tadbirkorlar mahsulotni uvol qilmay, muhtojlarga tarqatish
yo’lini topgan.
Vashington markazida gavjum bir oshxona (DC Central Kitchen)
bor. Uni Robert Egger ismli usta tadbirkor boshqaradi. Kunda taxminan
ikki tonna oziq-ovqat tayyorlanib, muhtoj oilalar, kasalxona va
qariyalar uylariga tarqatiladi.
Robert Egger bu oshxonani 20 yil oldin ochgan. O’sha paytlar tungi klub boshlig’i edi.
“Restoranlarda
har kuni bir dunyo ovqat ortib qoladi. Bekorga uvol bo’ladi. Shu
mahsulotni yo’qsillargatarqatish mumkin-ku”, -deydi u.
Pokiza, toza, biroq ortib qolgan meva-cheva, sabzavot va go’shtdan turli taomlar tayyorlaymiz, deydi Robert.
“Shaharning
turli burchaklarida joylashgan restoran, mehmonxona, kasalxona,
universitetlarga borib, oshiqcha oziq-ovqatni muzlatgichga ortib,
oshxonamizga olib kelamiz”, - deya tushuntiradi Robert Egger.
Oshxona
qoshida pishir-kuydirni o’rganaman, deydiganlar uchun kurslar bor. Ish
izlab yurgan odamlar, yoshlar, keksalar kelib, hunarli bolib ketadi.
O’qishdan bo’sh paytida talabalar ham oshxonaga yordam beradi.
Ikki
qizning otasi - Maykl Rob avval qoradori sotib kun ko’rar edi.
Oshpazlikni hunar qilganiga ikki yil bo’libdi. “Binoyidek kasbim bor”,-
deydi u.
Oshxonada
ko’ngilli ishchilar – yoshlar juda ko’p. Robert Egger “oshxonamiz
no-tijoriy muassasa” deydi. Xayriya evaziga ishlaydi. Internetda va
jamoat orasida targ’ibot ishlari olib boriladi. Tashkilot doimiy
homiylarga ega.
Ular asosan xususiy
kompaniyalar, supermarketlar va boy-badavlat amerikaliklar. Tushgan pul
oshxonaning doimiy xodimlari va turli xizmatlar uchun sarflanadi.
Oshxona grantlarga tayanadi. Masalan, Jahon Banki va boshqa moliyaviy tashkilotlardan mablag’ oladi.