O'zbekistonda
konstitutsiya qabul qilingan kunning 16 yilligi nishonlandi. Mamlakat
bosh qomusida e'tiqod erkinligining ta'minlanishi ta'kidlanadi, biroq
O'zbekiston dindorlarni ta'qib qiladigan davlatlardan biri sifatida
qayd etiladi. Mahalliy faollar qamoqdagi musulmonlar soni oshib
borayotganini ta'kidlasa, hukumat terrorizm va ekstremizm tahdidi
haqida gapiradi.
Yaqinda diniy e'tiqodi tufayli qamalgan
mahbusning onasi Mohira Shoqosimova, O'zbekistonda dindorlarga nisbatan
tazyiqlarni to'xtatishni so'rab, dunyo jamoatchiligiga murojaat bilan
chiqdi.
Bundan avval Mohira Shoqosimova O'zbekiston
prezidentiga, bosh prokurorga, Oliy Majlisga diniy e'tiqodga nisbatan
bosim kuchayayotgani haqida murojaat yuborgan.
Uning o'g'li
Abduhakim Shoqosimov 2000 yilda noqonuniy diniy guruhga a'zolik,
aksilkonstitutsiyaviy faoliyatda ayblanib, 14 yil qamoq jazosiga hukm
qilingan edi. Mohira Shoqosimova o'g'liga soxta jinoiy ayb qo'yilgani,
unga nisbatan qiynoqlar qo'llanilayotgani haqida gapiradi.
“Qamoqxonada
odamlarni namoz o'qishgani uchun tahqirlashgan, yashirin o'qinglar
namozni deyishgan. Bolam namozni yashirmasdan o'qigan, keyin uni
Andijondagi yopiq zonaga jo'natishgan. Ochiq ravishda namoz o'qiyman
deb 16 kun ochlik e'lon qilgan. Endi, urib qiynagandan keyin, hammasi
aybni bo`yniga oladi”, - deydi Shoqosimova.
Huquq
himoyachilariga ko'ra, Abduhakim Shoqosimov ustidan o'tgan sud jarayoni
diniy motivlar bilan qamalgan boshqa mahbuslar ishlariga juda o'xshash.
Qamoqdagi diniy e'tiqod mahbuslari soni haqida rasman ma'lumotlar yo`q,
norasmiy raqamlarda ular soni 7-8 ming kishi atrofida keltiriladi.
O'zbekistondagi sud tajribasida diniy e'tiqod bo'yicha jinoiy
javobgarlikka tortilgan kishini aybi isbotlanmagani uchun ozod
qilingani istisnodagi holatlardan.
“2000-2001 yillarda shunday
bir holat bo'lganini eslayman. Shayhontohur tumani jinoiy ishlar sudi
“Hizb-ut-Tahrir”ga a'zolikda ayblangan bir yigitni dalillar yo'qligi
uchun ozod qilgan edi. Keyin bu sudyaga bosim o'tkazilgan va u ishga
chiqmay qolgandi. Demoqchimanki, bu ishlarni hammasi tepadan berilgan
buyruqqa ko'ra bo'ladi. Ularni “Hizb-ut-Tahrir”ga a'zo bo'lishi qiyin,
ikkinchidan jamoatchilik uchun xavfli ekanligi mutlaqo isbotlanmagan”,
- deydi bu borada O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari
Surat Ikromov.
Surat Ikromov mamlakatda diniy e'tiqod bo'yicha
ta'qiblar kuchayganini ta'kidlar ekan, ayni paytda Toshkentda
“Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimiga aloqadorlikda ayblanayotgan 25 ga yaqin
ayollar ustidan tergov ishlari ketayotganini bildiradi.
“Bu
ayollarni hammasiga bosim o'tkazilmoqda. Bir nechtasi “Hizb-ut-Tahrir”
oqimining ayollar qanoti rahbarligida ayblanyapti. Lekin baribir buni
tasdiqlovchi dalillar bo'lmasa kerak”, - deydi huquq himoyachisi.
AQSh
Davlat departamentining inson huquqlari borasida chiqargan hisobotida
O'zbekiston diniy e'tiqod bo'yicha keskin ta'qiblar yuritayotgan davlat
sifatida qayd etiladi.
Rasmiy
Toshkent bu hisobotlarni tan olmaydi, din va e'tiqod erkinligi
ta'minlangani, o'nlab diniy tashkilotalr erkin faoliyatda ekanini
ta'kidlab keladi. Toshkentdagi masjidlardan birida ishlayotgan xodimga
ko'ra, musulmonlar e'tiqodini cheklash yo`q, faqat adashganlar bundan
mustasno. “Hozir ibodat qilish uchun, namoz o'qish uchun hech
qanday to'siqlar yo'q. Davlat tomonidan ham. Hozir odamlarni o'zlari
ajratib olyapti, qaysi biri sha'riy to'g'ri yo'l, qaysi biri
adashganlar toifasining yo'li ekanini”.
Boshqa bir dindorga
ko'ra, O'zbekiston hukumati aqidaparastlik bilan kurashishni istasa
diniy ta'lim olishga imkoniyat yaratishi kerak.
“Aqidaparastlikka
qarshi kurashish uchun ko'proq ilm berilishi kerak. Hech bo'lmasa
maktablarda ozginadan ahli-sunnat yo'li haqida bilim berib borilsa,
aqidaparastlar o'z-o'zidan yo'q bo`ladi. Ayollarimizga, qizlarimizga
maktablarda hijob kiyishga ruxsat yo'q”, - deydi u.
“Adashganlar”
deyilganda odatda “Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimi nazarda tutiladi. Bu
diniy oqim yaqingacha Qirg'izistonda rasman faoliyat yuritib keldi.
O'zbekistondan tashqari mintaqaning biror davlatida “Hizb-ut-Tahrir”ga
a'zolik uchun musulmonlar qamoqqa tashlanmagan edi.
“Hatto
qo'shni davlatlarda ham nisbatan erkin. Dindor kishini O'zbekistondagi
kabi militsiya kelib, turtib so'roq qilmaydi. Odamlarning e'tiqod
erkinligi ta'minlangan”, - deb vaziyatni solishtiradi huquq himoyachisi
Abdulla Tojiboy o'g'li.
Surat Ikromovga ko'ra, faqat O'zbekiston hukumati musulmonlarni fikr yuritayotgani uchun jazolamoqda.
“57
ta musulmon davlatlari bo'lsa, ulalrning birortasida “Hizb-ut-Tahrir”
ta'qiqlanmagan, chunki bu guruhni zo'ravonlikka mutlaqo aloqasi yo'q.
Faqat bizda shunday bo'lyapti. O'z-o'zidan savol tug'iladi - nega kuch
ishlatilyapti degan. Menimcha bu O'zbekiston hukumatining eng katta
strategik xatolaridan. Ularni terrorchi, xafvli deb bahona qilyapti,
lekin hech qaysi davlatda ularga bunday e'tibor berilayotgani yo'q.
Chunki ularni xalifat qurish haqidagi maqsadi XXI asrga mutlaqo to'g'ri
kelmaydi”, - deydi Surat Ikromov.
Yaqinda Hindistonning Mumbay
shahrida terror harakatlaridan 200 ga yaqin kishining qurbon bo'lishi
islom va terrorizm muammosini yana muhokamaga qo'ydi. Hozircha bu
borada tergov ishlari aniq bir xulosaga kelmagan bo'lsada, bu harakatga
diniy terrorizm sifatida qaralmoqda.
O'zbekistondagi mulohalazalarga ko'ra, terror ildizini islomdan izlash kerak emas.
“Buning sababini dindan qidirish ahmoqlik deb o'ylayman. Bu hammasi
siyosat bilan bog'liq. Biror davlatda qandaydir siyosiy bo'hronlar
bo'lsa, undan chiqish yo`llarini urushda, yoki ana shunday harakatlarni
uyushtirishda ko'rish mumkin. Mening fikrimcha bu din bilan emas,
siyosat bilan bog'liq”, - deydi Abdulla Tojiboy o'g'li.
Surat Ikromovga ko'ra ham terrorizm ildiz otayotganining sababi siyosatchilarda.
“Mumbayda bo'lgan voqealarni olsak, Hindiston aholisining bir qismi
musulmon ekanini esdan chiqarmaslik kerak. Ular o'rtasida avval ham
ziddiyat bo'lgan. Lekin bu yerda ayb asosan siyosatchilarda. Davlat
rahbarlari nimani talashyapmiz, yer yuzida xudo bitta, deb dinlar-aro
muloqotni boshlashi lozim. Lekin ular bu ishni qilmaydi. Islom dinida
terror, odam o'ldirishning o'zi gunoh”, - deydi Ikromov.
Sharqshunos
olimlardan biri Hindistondagi terrorchilik negizida hindistonlik
musulmonlarga nisbatan munosabat yotganligini taxmin qiladi. Unga ko'ra
rasman 100 milliondan oshiq musulmon aholisi bo'lgan Hindistonda,
ularning haq-huquqlari, jumladan mamlakat boshqaruvidagi ishtiroki
qoniqarli emas.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi
Otanazar Oripov global miqyosda islom terrorizmi degan tushuncha
ommaviylashayotganini ta'kidlar ekan, bu asossiz tushunchani o'lchovchi
mezonlar yo'qligini aytadi.
“Dunyoda islom terrorizmi degan
tushuncha tobora manfiy iz qoldirmoqda. Lekin buning sabablarini
aniqlovchi mezonlar hamon yaratilmagan”, - deydi u.
Oripovga ko'ra, O'zbekistonda soxta terrorchilar, ekstremistlar yaratilayotganligi ham shu maqsad uchun xizmat qilmoqda.
O'zbekiston
aholisining 90 foizdan ko'pi musulmonlar. Konstitutsiyasiga ko'ra
dunyoviy davlat va diniy e'tiqod erkinligi kafolatlanishi belgilangan.
Sharhlovchilarga ko'ra, O'zbekiston konstitutsiyasida ifoda etilgan
so'z va e'tiqod erkinligi mamlakatda keskin ta'qib ostida qolmoqda