Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, jurnalist Dilmurod Sayid ta`magirlikda ayblanmoqda.
Malik Mansur
Amerika Ovozi 23/02/2009 U avval “Advokat press” gazetasida bosilgan “Yo’q haqida badiha” nomli tanqidiy maqolasi uchun ishdan haydalgan edi. Keyingi paytlarda Dilmurod Sayid “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining a`zosi sifatida faoliyat yuritayotgan edi.
Turmush o'rtog'i Barno Jumanovaning aytishicha, faol yakshanba kuni, 22 fevralda, uyidan olib ketilgan.
“Uyga
kelganimizdan keyin eshikdan avval men, keyin qizim kirdi. U kishi
kirmoqchi edi, kimdir kelib yoqalaridan ushlab tortib olib ketdi. Qizim
yig`lab qoldi. Orqalaridan yugurib chiqdim. Kimsan, desak, men bilan
yurasan, deydi. Olib ketdi kuch bilan, xuddi jinoyatchini ushlagandek”,
- deydi Barno Jumanova.
“Ezgulik” inson
huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov Dilmurod Sayid qo’lga
olingandan so’ng u bilan gaplashishga muvaffaq bo`lgan. Faol
Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan hibsda saqlanmoqda. Unga
nisbatan O’zbekiston jinoyat kodeksining 165-moddasi, 2-bandiga muvofiq
ish qo'zg'atilgan. "Jamboylik Marg'uba
Jo'rayeva degan ayol mahalliy amaldorlardan ta'magirlik yo'li bilan 10
ming dollar pora olayotganda qo'lga olingan. O'sha ayol bu ish Dilmurod
Sayidning ko`rsatmasi bilan bo'layapti deb aytgan. Shunga ko'ra, kecha
tunda Samarqand viloyatini IIB xodimlari uni ushlab Samarqandga olib
ketishgan”, - deydi Abdurahmon Tashanov. Dilmurod
Sayid Samarqand viloyatidagi bir necha fermer huquqini himoya qilish
bilan shug`ullangan. Ularning ishonchli vakili sifatida huquq- tartibot
organlariga ariza bilan ham chiqqan. Uning
Internetda chiqqan tanqidiy maqolalari ketidan yer savdosi bilan
shug'ullangan amaldor ustidan jinoiy ish ham qo'zg’atilgan.
Barno Jumanova "erimga tuhmat qilishyapti" deydi.
“Dilmurod
aka arizachi-fermerlarga ishonchli vakil bo’lib yo’l-yo’riq ko`rsatgan.
Ular yozishgan, texnikamiz yo`q, u narsa, bu narsa yetishmaydi, deb.
Keyinchalik bu ishning orqasidan noqonuniy sotilgan yerlar ham ochilib
ketdi. Ular pitirlab yugurib qolishdi. Dilmurod akaga nisbatan qasddan
shu ishni uyushtirishmoqda”, - deydi u.
Abdurahmon Tashanov ham shu fikrda.
“Tuman
miqyosida bir necha amaldorga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Dilmurod
aka shu ish orqasidan viloyatdagi katta amaldorlar bilan ziddiyatga
borib qolgan ekan. O’shalarning buyurtmasi deb hisoblayapti. Undan
tashqari men ko`rsatma bergan ayol Marg`uba Jumayevani shaxsi bilan ham
qiziqdim. Menga aytishlaricha, avvaldan IIB xodimlari bilan hamkorlikda
ishlagan. Ko`plab provokatsion ishlarning boshida turgan ayol ekan”, -
deydi Abdurahmon Tashanov. O'zbekistonda inson huquqlari masalasini ko'tarib chiqqan jurnalistlar ilk bor tazyiqqa uchrayotgani yo'q. O’tgan
yili mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov giyohvand moddalari
savdosida ayblanib, 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Huquq
himoyachilar nazarida Solijon Abdurahmonov jurnalistlik faoliyati uchun
qamalgan va u iydirma ayblovlar qurboni.
Ayni
paytda Toshkent shahar sudida “Irmoq” va “Yetti iqlim” nashrlarida
ishlagan bir necha jurnalist ustidan sud jarayoni ketmoqda. Jurnalistlar noqonuniy diniy guruhga aloqadorlikda, “Nurchilar” diniy oqimi g’oyasini targ’ib qilishda ayblanmoqda. Jurnalistlarni
himoya qilish xalqaro qo`mitasi hisobicha O’zbekistonda 6 jurnalist
qamoqda. Mahalliy faollar fikricha esa aslida panjara ortida o'tirgan
qalamkashlarning soni 10 dan oshadi.
|