Huquq
himoyachilari nazarida Markaziy
Osiyo yaqindagina ishga kirishgan prezident Barak Obamaning tashqi siyosati
uchun sinov maydoni.
AQSh Afg'onistonda olib borayotgan urushning talab va
ehtiyojlari mintaqadagi avtokratik hukumatlar, jumladan O'zbekiston bilan yaqinroq
hamkorlikni taqozo etadi.
Xavotir shundaki, deydi faollar, xavfsizlik va
siyosiy manfaatlar inson huquqlari masalasini yana chetda surishi mumkin.
AQSh
havo kuchlari mintaqadagi yagona bazasidan, ya'ni Qirg'izistondagi Manas
aerodromidan chiqarilayotgani shu kunlarda G'arb matbuotida keng yoritilmoqda.
Baza
Afg'onistonga yuk yetkazish uchun o'ta muhim tranzit nuqtasi edi. Vashington,
tabiiyki, alternativ yo'llarni izlab, Qirg'izistonga qo'shni davlatlarga
murojaat qilgan.
Amerika harbiylariga ko'ra O'zbekiston, Tojikiston va
Qozog'iston bu masalada AQSh bilan hamkorlikka tayyor.
Obama
ma'muriyati xususan O'zbekiston bilan aloqani tiklar ekan, inson huquqlari
himoyasi borasida yetakchilikni qayta qo'lga olish va'dasini unutmasin, deydi Human Rights Watch tashkilotining
Yevropa va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha direktor o'rinbosari Reychel
Denber.
"Obama
qanday katta umidlar bilan saylangan bo'lsa, uning ishlariga shunchalik yuqori
o'lchovda baho beriladi. Ham ichki, ham tashqi siyosatda inson huquqlariga
e'tibor bundan mustasno emas. Xalqaro hamjamiyat unga ishonch bilan qaramoqda",
- deydi Reychel Denber.
Xalqaro
tashkilotlar O'zbekiston va Turkmaniston hukumatlarini so'z erkinligi, diniy,
siyosiy erkinliklar bo'yicha dunyodagi eng repressiv tuzumlar deb baholaydi.
Har
ikkisida matbuot hokimiyatning targ'ibot quroli, korrupsiya hayotning ajralmas
qismi, rahbarlar oddiy xalq fikriga o'ta befarq.
Human Rights Watch Turkmanistonga 1999 yildan beri kiritilmaydi. Uning
O'zbekistonda qayta ish boshlashi to'g'risidagi ariza rad etilgan.
"Bugungi
kunda", - deydi Human Rights Watch
vakili Mariya Lisitsina, "O'zbekiston va Turkmaniston kabi mamlakatlarga chetdan
bosim o'tkazilmasa biror o'zgarish bo'lishini kutish qiyin. Chunki yuqorida
o'tirganlar oddiy xalq oldida zarracha ham javobgarlik sezmaydi". Tashqi bosim,
deydi Lisitsina, bu mas'uliyatni rahbarlarga eslatib turadigan vositadir.
Lekin
tarix shundan saboq beradiki, Yevropa Ittifoqi va AQShning dunyodagi har bir
davlat bilan munosabatlarida ko'pincha xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlar ustun
keladi. Deylik, AQSh har yili Misr, Saudiya Arabistoni, Pokiston va Xitoydagi
huquq ahvolini tanqid qilsa-da, aloqalar ancha iliq.
Turkmanistonlik
huquq faoli, hozirda Avstriyada boshpana olgan Farid Tuxbatullin deydiki, uning
gazga boy vataniga nisbatan siyosatni ham energetik manfaatlar belgilashi
achinarli hol.
"Yevropa
Ittifoqi Turkmaniston gaziga qiziqish bildirib keladi. Xususan gaz ta'minoti
bilan bog'liq so'nggi mojarolar tufayli Yevropa Rossiyani chetlab o'tgan
alternativ yo'llarni qidirishga tushgan. Vashington ham Eron va Afg'onistonga
chegaradosh hamda bugun tashqi dunyoga ochilgan Turkmanistonni yaqinroq
hamkorlikka chorlayapti. Siyosiy-iqtisodiy hamkorlik to'g'risida gap ketganda
erkinlik va demokratiya g'oyalari kun tartibidan tushib qolsa ajabmas", - deydi
Farid Tuxbatullin.
Dunyo
bo'ylab erkinlik darajasini o'rganadigan Freedom House, ya'ni Ozodlik Uyi
tashkilotining yillik hisobotida Turkmaniston va O'zbekistonga eng past baho berilgan.
Andijon voqealari ketidan O'zbekistonga qo'yilgan xalqaro sanksiyalar bir necha
huquq faolini ozod etishdan boshqa natija bergani yo'q. Rasmiy Toshkent bu
tashkilotlarni ko'r-ko'rona tanqidda ayblaydi.
Freedom
House tashkilotida Markaziy Osiyo dasturlari bo'yicha tahlilchi Baxtiyor
Nishonov fikricha fuqarolar o'z huquqini anglab yetishi oldinga siljishning
muhim shartlaridan biri.
"Inson
huquqlari bu demokratik madaniyatning kichik bir qismi. Buni odamlarga qanday
o'rgatishimiz mumkin? O'zbekiston konstitutsiyasini oling. Aholining necha
foizi uni qo'liga olib o'qigan? Shundan boshlash kerak",- deydi Nishonov.
:Chunki bosim har doim
qandaydir negativ kontekstda qo'llaniladi. Har bir kishi jamiyat sifatida emas
balki bu meni o'zimni huquqim, men bu borada nima qilishim mumkin degan savolni
bersa, o'sha [o'zgarish tomon] bosim bo'ladi",- deydi mutaxassis.
"Amerika
Ovozi" bilan suhbatlashgan mutaxassislar fikricha G'arb Markaziy Osiyoga
islohotlar haqida gapirish bilan birga huquq himoyasida turgan faollarni ham
qo'llab-quvvatlashi lozim. Mamlakat taraqqiyoti fuqaro jamiyati ravnaq topishi bilan
chambarchas bog'liq.