Prezident
Barak Obamaning aytishicha, Qo’shma Shtatlar dunyoning harbiy jihatdan
eng qudratli davlati degani nomini saqlab qoladi, biroq kuchlarini
yangi sharoitga - g’ayrioddiy urushlarga tayyorlaydi.
AQSh,
shuningdek, qurolli to’qnashuvlarni bartaraf etish maqsadida chet elga
gumanitar yordam va maslahat beruvchi tizimni yaxshilamoqchi.
“AQShning
harbiy qudratiga teng kela oladigan davlat yo’q”, - deydi prezident
Obama, “va mamlakat bundan keyin ham ustunlikni saqlab qolishga bel
bog’lagan”. Uning aytishicha AQSh o’z manfaatlarini himoya qilishga,
dushmanni yengishga qaratilgan texnologik vositalarini yangilash uchun
sarmoyani ayamaydi.
Biroq bugun Iroq va Afg’onistonda olib
borilayotgan harbiy harakatlarni partizan urushi deb tasvirlash
to’g’riroq bo’ladi. Dushman oddiy armiya emas, balki bosqinchi va
terrorchilar. Yangi ma’muriyat Bush davrida bo’lgani kabi armiya va
dengiz kuchlari safini kengaytirishda davom etmoqda.
“Bugun
zamon va talablar boshqa”, - deydi AQSh rahbari. “Zobitlarni yangicha
usulda tayyorlash, ularni o’zga xalqlar tili va madaniyati bilan
yaqinroq tanishtirish, va ayniqsa AQShga ziyon yetkazmoqchi bo’lgan
guruhlar taktikasi va maqsadlarini qunt bilan o’rganib chiqish zarur”.
Prezident
nazarida AQSh kuchlari oldida bugun, ham jangarilarga qarshi kurash,
ham urush zonalarida tinch aholi ko’ngliga yo’l topishdek murakkab
vazifa turibdi. Avvalo qashshoqlik va qonunsizlik kabi urushni
qo’zg’atuvchi omillarni yengish kerak.
“Dunyo yuzlashayotgan
tahdid va muammolar AQSh yetakchiligisiz hal bo’lmaydi”, - deydi Barak
Obama. Amerika harbiylari, deydi u, chet el armiyalari, xavfsizlik
kuchlari bilan muntazam axborot almashish, aloqani mustahkamlash,
birgalikda ishlash ahamiyatini yaxshi tushunadi.