AQSh
va Yevropa Rossiya qudrati oshayotganidan xavotirda. Kremlning Markaziy
Osiyoga ta'siri AQShning mintaqadagi siyosatiga pand berayotgani
aytiladi. Ba'zi amerikalik mutaxassislar fikricha esa Rossiyaning
imkoniyatlari cheklangan, u bilan hisoblashmay Markaziy Osiyoda faol
siyosat yuritish mumkin. Ikki tomonlama aloqalarda baza kabi tor
masalalar bilan cheklanmasdan kengroq mavzularda hamkorlikni yo'lga
qo'yish kerak, deydi ular.
Sobiq Sovet davlatlaridagi vaziyat
bilan yaqindan tanish amerikalik mutaxassis Pol Goblning aytishicha,
Qo'shma Shtatlar so'nggi yillar ichida Markaziy Osiyoda katta xatolarga
yo'l qo'ydi. Oq uy mintaqa respublikalariga alohida mustaqil davlatdek
emas, Rossiya vassali sifatida qaragan. Buning natijasida avval
O'zbekistondagi "Xonobod", endi esa Qirg'izistondagi "Manas" harbiy
bazalari qo'ldan chiqarildi, deydi tahlilchi.
""Manas" bo'yicha
qaror jahonda kuchlar muvozanati o'zgarib, Rossiya foydasiga og'moqda,
AQSh siyosiy vaziyatni qo'ldan chiqarmoqda degan xulosaga olib
bormasligi lozim. Rossiya qudrati so'ngan. U juda zaif. Unga global
emas, mintaqaviy kuch sifatida qarash kerak. Markaziy Osiyo davlatlari
Rossiya bilan emas, G'arb bilan yaqinlashishni istaydi," deydi Gobl.
Uning
nazarida global iqtisodiy muammolar mintaqa davlatlarini Rossiyaga tobe
qilib qo'ygan, chunki millionlab markaziy osiyoliklar Rossiyada ishlab,
o'z mamlakati iqtisoyotiga hissa qo'shmoqda.
"Agar ertaga ular
chiqarib yuborilsa, Qirg'iziston kabi davlatlarning holi voy bo'ladi.
Nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy tomondan ham. Yo'qsillik norozilik
namoyishlari, tartibsizliklarga olib keladi," deydi Gobl.
Qirg'izistonning
AQShdagi elchisi Zamira Siddiqovaning aytishicha, mamlakat tashqi qarzi
ikki milliard dollarni tashkil etadi. Qirg'iziston uchun bu katta pul.
Rossiya yordam qo'lini cho'zishga va'da bergan, deydi u.
"Rossiya
qarzning bir qismidan kechishga, uzoq muddatli kredit berishga va ikki
milliard dollarli sarmoya olib kirishga va'da bergan. Sarmoyaning katta
qismi mamlakatda gidroelektrostansiyalar qurilishiga sarflanadi," deydi
Qirg'iziston elchisi.
Pol Gobl Rossiya va'dasida turishiga ishonmaydi, ammo suv katta muammo ekanini tan oladi.
"21-asr
suv uchun urushlar asri bo'ladi. Yana bir yildan so'ng Orol dengizi
butunlay yo'qoladi. Suv uchun Markaziy Osiyoda katta tortishuvni
hozirdan ko'rish mumkin. Orolning qurishi mintaqa ekologiyasi va
salomatligiga katta zarar yetkazmoqda. Vaziyat nazorat ostidan
chiqmasidan, ahvol yanada yomonlashmasidan oldin mintaqaga hozirdanoq
yordam berish zarur," deydi u.
"Manas" bazasi masalasida elchi
Zamira Siddiqova Qirg'iziston AQSh bilan bitimni ko'rib chiqishga
tayyor, ammo AQShdan hali taklif tushmagan deydi.
Pol Goblning
aytishicha, gap faqat "Manas" bazasini saqlab qolishda emas. Qo'shma
Shtatlar Markaziy Osiyoda keng qamrovli siyosat olib borishi, ta'lim,
atrof-muhit muhofazasi va siyosiy islohotlar bobida yordam berishi
zarur. Agar Markaziy Osiyo beqaror bo'lsa, bu butun jahonga ta'sir
qiladi, deydi amerikalik tahlilchi.