AQSh Adliya vaziri Erik
Xolderning aytishicha, 2001 yildan beri Guantanamoda saqlanayotgan uyg'ur
mahbuslar taqdiri yaqin kelajakda hal etiladi va ular vaqtincha Amerikadan
panoh topishi mumkin.
Aslida u yerda 22 nafar uyg'ur asir bo'lgan va hozirda ulardan 17
nafari qolgan. Besh nafari ikki yil oldin Albaniyadan boshpana olgan.
Advokatlar
ularni Guantanamo singari inson oyog'i kam yetadigan bir joyda, tutqunlikda, hech
qanday aybsiz qariyb 8 yildan beri o'tirgan, yorug' dunyoning biror nashidasini
tortishdan mahrum insonlar sifatida tasvirlaydi.
"Hammasi
prezident qo'lida. Biz adolatli qaror kutayapmiz",- deydi Sabin Uillett (Sabin Willett), olti
asir nomidan gapirayotgan advokat.
Uch uyg'ur "AQShdan adolat kutmaymiz endi",-
deya huquqiy himoyani rad etgan.
Afg'oniston
va Pokistonda ushlangan uyg'urlarning gunohsiz ekani darrov ma'lum bo'lgan, deydi
ikki uyg'urni himoya qilayotgan Jorj Klark (George Clarke).
Shinjondan
chiqqani uchun Xitoy bu uyg'urlarning unga topshirilishini istaydi, ammo
Amerika buni rad etgan. Vashington nazarida uyg'ur ozodlik harakatini yo'q
qilishga urinayotgan Xitoy bu insonlarni qiynoqqa solishi, panjara ortiga
tashlashi mumkin. Rasmiy Pekin ta'biricha esa bu asirlarga begunoh deb qarash
noto'g'ri. Ular axir Tolibon hukmronligi davrida Afg'onistonga bekorga
bormagan, ular ekstremist kuchlarga qo'shilgan, deydi Xitoy diplomatlari.
Advokatlarning esa bunga javobi shunday:
"Tolibon
davrida Afg'oniston vatangadolar maskani bo'lgan. Pasporti yo'q, boshpanasiz
odamlar bu qonunsiz mamlakatda jon saqlagan. Uyg'urlar Xitoy zulmidan qochib
Markaziy Osiyoga borsa, hukumatlar ularni tutib, rasmiy Pekin qo'liga topshirar
edi",- deydi Sabin Uillett.
"Afg'onistonda
yurgan ekan deb hammani asirga olish mumkin edi axir. Odamni qamoqda saqlash va
sudlash uchun unga konkret ayb qo'yilishi kerak",- deydi u.
Advokat Jorj Klarkning aytishicha u himoya qilayotgan ikki uyg'ur afg'on-Pokiston chegarasida qabilalar tomonidan
tutilib, terroristlar uchun mukofot taklif qilayotgan Amerikaga pullangan.
"Guantanamoda bunday omadsiz odamlar juda ko'p edi, hozir ham ancha. Noto'g'ri paytda noto'g'i joyda bo'lgan shaxslar",- deydi
advokat Jorj Klark.
Bu
himoyachilar AQShdan bu asirlarlarni darhol ozod etishni talab qilmoqda. Guantanamoning
Iguana degan lagerida o'tirgan 17 uyg'ur hozirda advokatlari bilan telefonda
gaplashishga, oilasi bilan bog'lanish imkoniyatiga ega.
Barak Obama prezident
bo'lganidan beri qamoqdagi sharoit ancha yaxshilandi, deydi Sabin Uillett.
"Ular
bir paytlar yolg'iz kameralarda saqlangan. Quyosh nurini ko'rmagan. Hozir lager
ichida erkin harakat qila oladi. Bir-birini ko'radi, sport bilan shug'ullana
oladi,"- deydi advokat.
Jorj
Klarkning aniqlashicha uyg'ur mahbuslar qiynoqqa solinmagan. Ammo ozod etilishga
haqli bo'lsa-da, borar joyi yo'q bu insonlar ruhan ezilgan. Sabin Uillett
yaqinda kechgan bir suhbatni tasvirlaydi.
"Men
himoya qilayotgan uyg'urlardan biriga qarab, menga haq to'lash haqida hech o'yladingmi
deb so'radim. "Qanaqa haq",- deb javob qildi. "Haqim shuki",- dedim unga, "qamoqdan
chiqsang, uyingga mehmonga chaqirasan. Uyg'ur taomlari juda shirin deyishadi.
Rafiqang va bolalaring bilan tanishtirasan".
"Omading yo'q ekan,
og'ayni, men bechorada na vatan, na uy, na xotin va na bola bor. Kelajakda
bo'ladimi yo'qmi, xudo biladi",- dedi bu uyg'ur. Ana chiqarishadi, mana
chiqarishadi deb yillab kutgan bu insonlar umidni boy bergan",- deydi Sabin Uillett.
Aslida
yirik korporatsiya va firmalar huquqini himoya qiladigan bu advokatlar
asirlarga tekin xizmat ko'rsatmoqda.
"Amerika
bayrog'i hilpirab turgan joyda insonlar qiynoqqa solinayotganini eshitishim
bilanoq Guantanamodagi asirlarni himoya qilishni o'z burchim deb bildim.
Aybingiz odil sudda isbotlanmaguncha, siz begunoh insonsiz. Hatto aybdor deb
topilsangiz ham o'z huquqingizga egasiz",- deydi Sabin Uillett.
Guantanamoda
aslida 500 ga yaqin asir bo'lgan. Hozir ulardan 250 nafari qolgan va Amerika hukumati bir yil ichida ularning
ishini birma-bir ko'rib chiqib, bu qamoqxonani yopish taraddudini ko'rmoqda.
Uyg'ur
mahbuslar "aynan Amerikada yashashni istayman" deyayotgani yo'q. Qo'shma
Shtatlar uyg'ur jamoasi katta Kanada, Finlyandiya yoki Shvetsiya kabi
davlatlardan ularni qabul qilishni so'ramoqda.
Uyg’ur xalqi dunyoda davlatchilik uchun kurashib kelayotgan yirik etnik
guruhlardan biri. Jahon bo’ylab 20 million atrofida uyg’ur bor.
Ularning 10 millionga yaqini Xitoy g’arbida - Shinjon Uyg'ur Muxotiyatida,
uyg’urlar ta’biricha esa Sharqiy Turkistonda istiqomat qiladi.
Markaziy Osiyo va G’arb davlatlarida ham uyg’urlar millionlarni tashkil
etadi.
Uyg’urlar din va madaniy jihatdan turkiy dunyoning bir qismi. Uyg'urlar
"mustaqillik va erkinlik uchun kurashyapmiz" desa, rasmiy Pekin ularni
bo’lginchilikda ayblaydi.