Kelasi
oy Germaniya va Fransiyada Shimoliy Atlantika Harbiy Bloki, ya'ni
NATOning 60 yilligi nishonlanadi. Yevropani Sovet Ittifoqi tahdididan
himoya qilish maqsadida tuzilgan alyans bugunga kelib faoliyatini
Yevropa tashqarisida ham olib bormoqda. Xususan Afg'onistonda. U yerda
muvaffaqiyat qisman NATOning Markaziy Osiyo davlatlari bilan
hamkorligiga ham bog'liq, deydi Amerika Ovozi bilan suhbatda AQSh
Mudofaa universiteti professori Rojer Kangas.
NATO Markaziy
Osiyo davlatlari bilan aloqani 1994 yilda o'rnatgan. Bir necha bor
hamkorlikda harbiy mashg'ulotlar o'tkazilgan. Markaziy osiyolik
ofitserlar Germaniyadagi Marshall markazida ta'lim olgan. Biroq haqiqiy
hamkorlik 2001 yili Afg'onistonda Tolibonga qarshi urush ketidan
boshlandi. To'rt yil o'tgach, O'zbekiston AQSh harbiylarini Xonoboddagi
bazadan chiqarib yubordi. Yaqinda esa Qirg'iziston ham ulardan "Manas"
bazasini olib qo'yishga qaror qildi.
"Bu qaror AQSh va NATOga
qo'shimcha vazifalar yuklamoqda. Yuklarni Afg'onistonga yetkazish uchun
yangi yo'nalishlar qidirish kerak. Rossiya va O'zbekiston o'z
hududlaridan foydalanishga ruxsat bergan, ammo alyans bu bilan
cheklanmasdan boshqa marshrutlarni ham ko'rib chiqadi," deydi
xavfsizlik bo'yicha mutaxassis Rojer Kangas.
Uning aytishicha,
NATOning Markaziy Osiyo davlatlariga qiziqishi ayni damda
Afg'onistondagi operatsiyalar bilan bog'liq. Agar ulardan bu borada
yordam olinmasa, qiziqish ham so'nadi, deydi Kangas.
""Manas"
bo'yicha qaror qayta ko'rib chiqilishi ehtimoldan xoli emas. Har ikki
tomon o'rtadagi kelishmovchiliklarni o'zaro muhokama qilib, ularga
yechim topishi zarur. Ta'kidlash joizki, AQSh va Qirg'iziston ba'zi
masalalarga turlicha qarab kelgan. Xususan ijara haqi, bazada sodir
bo'lgan noxush voqealarga," deydi Kangas.
O'zbekistonning 2005
yil Andijon voqealaridan so'ng AQSh va Yevropa bilan sovuqlashgan
munosabatlari ayni damda asta-sekin tiklanmoqda. Yevropa sanksiyalarni
qisman bekor qilgan. O'zbekiston yaqinda uning hududi orqali
Afg'onistonga yuklarning o'tishiga rozilik bergan. Ammo, deydi
amerikalik mutaxassis, rasmiy Toshkent ilgarigidek hamkorlikka hozircha
tayyor bo'lmasligi mumkin.
"O'zbekiston AQSh bilan strategik
hamkorlik to'g'risidagi bitimdan ko'p narsa kutgan. Hujjat asosida
Afg'onistondagi operatsiyalar va Xonobod bazasi bo'ladi deb o'ylamagan.
Har ikki tomon bitimni o'zicha talqin qilgan. Shu sabab, fikrimcha,
hamkorlikning oldingi bosqichiga qaytish hali erta. O'zbekiston NATO va
AQSh bilan aloqalarini yaxshilashi mumkin, ammo bunga vaqt kerak,"
deydi Rojer Kangas.
Tahlilchining aytishicha, Rossiyadan
farqli o'laroq, Markaziy Osiyo davlatlari NATOga tahdid sifatida
qaramaydi va u bilan hamkorlik qilishga tayyor.
"Biroq," deydi
Rojer Kangas, "mintaqa davlatlari hamkorlik ba'zi talablar asosida
bo'lishini istamaydi. Masalan, NATO harbiy hamkorlikni inson huquqlari
va siyosiy islohotlarga bog'laydi. Chunki xavfsizlik tushunchasi NATO
talqinida kengroq ma'noga ega. Respublikalar esa ushbu talablarni
davlat ichki ishlariga aralashish sifatida ko'radi," deydi tahlilchi.
Rojer
Kangasning aytishicha, mintaqa davlatlariga Qozog'istonda bo'lgani kabi
ko'p qirrali siyosat yetishmaydi. Rasmiy Ostonaning muvozanatni saqlay
bilishi uning barcha davlatlar va tashkilotlar bilan aloqalari birday
bo'lishini ta'minlaydi.
Shu hafta NATOning Markaziy Osiyo
bo'yicha maxsus vakili Robert Simmons Qozog'istonga safar qilib,
hamkorlikning yangi bosqichini muhokama qilgan.