Jahonning
140 dan ziyod olimlari prezident Obamani arab va musulmon dunyosida
demokratiyani olg'a surishga qaratilgan izchil va aniq siyosat
yuritishga chaqirmoqda. Guruh mintaqada qanday siyosat olib borilishi
haqida o'z tavsiyalarini tayyorlab, ochiq xat shaklida chop etgan.
Guruhning
aytishicha, Yaqin Sharq xalqlari kengroq erkinlikka intiladi va uning
uchun kurashishga tayyor ekanini ko'p bor isbotlagan.
Nufuzli
olimlardan iborat guruh prezident Obamadan Bush ma'muriyati davrida
qo'llangan davlat to'ntarishi amaliyotidan voz kechishni va mintaqadagi
demokratik jarayonlarni qabul qilishni so'raydi, garchi buning
oqibatida Xamas singari islomiy guruhlar hokimiyat tepasiga kelsa ham.
Radvan
Masmudi Islom va demokratiyani o'rganish markazi prezidenti. Barak
Obamaga ochiq xat yozish taklifi muallifi. Uning aytishicha, Iroqni
istilo qilish Amerikaning katta xatosi bo'lgan.
"Yana bir xato
shu bo'lganki," deydi u, "Misr, Falastin, Livan va Marokashdagi
saylovlarda islomiy partiyalar g'alaba qozongach, Qo'shma Shtatlar bu
demokratiya nishonasi ekanini tan olishdan bosh tortib, vahimaga
tushgan. Demokratiya sabr-toqatli bo'lishni taqozo etadigan jarayon.
Uni o'z holiga qo'yish kerak," deydi Masmudi.
Uning
aytishicha, AQSh zo'ravonliklarni qoralovchi va demokratik tamoyillarga
amal qiluvchi mo'tadil islomiy guruhlarga nisbatan siyosatini qayta
ko'rib chiqishi zarur.
Prezident Husni Muborakni tanqid
qilgani uchun bir necha yil qamoqda o'tkazgan misrlik islohotchi
professor Saad Eddin Ibrohimga ko'ra, AQSh manfaatlarini diktatorlar
emas, musulmon xalqi, arab xalqi bilan hamkorlikdagina himoya qilish
mumkin, chunki diktatorlar bilan ittifoqda bo'lish o'rta va uzoq
muddatda salbiy natijalarga olib keladi xolos.
Misr hukumati
parlamentdagi eng yirik muxolif guruh - Musulmon birodarlar partiyasini
ta'qib qilib kelgan, a'zolarini qamoqqa tashlagan. Guruh ko'p yillardan
beri zo'ravonlikka qo'l urmagan bo'lsada. Biroq rasmiy Vashington
o'zining mintaqadagi eng yirik ittifoqchisi, Misr hukumatini tanqid
qilishdan o'zini tiygan.
Ibrohimning aytishicha, Turkiya,
Indoneziya va Marokash kabi davlatlarda islomiy partiyalarga
saylovlarda qatnashishga ruxsat berilgach, ular mo'tadil bo'lishga va
demokratik normalarga rioya qilishga majbur bo'lib qolgan.
Obamaga
xat yozgan guruh uning inauguratsiya nutqida musulmon dunyosiga qarata
o'zaro hurmat haqida aytgan so'zlarini olqishlaydi.
Kaliforniya
shtatidagi nufuzli Stenford universitetida Demokratiya va qonun
ustuvorligi markazi rahbari Larri Daymond prezident Obama endi
so'zlarini amalda isbotlashi zarur deydi.
"Oxir-oqibatda arab
xalqlari davlat departamenti, davlat kotibi yoki prezidentning gapidan
ko'ra, ishimizga qarab baho beradi," deydi Daymond.
Xalqaro
tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi xodimi Mishel Dannning aytishicha,
Qo'shma Shtatlarda demokratiyani ilgari surish uchun yetarlicha
vositalar bor.
"Boshqa davlatlar fuqarolari hayotini
yaxshilash yo'lida AQSh xususiy diplomatiya, yordam dasturlari, rasmiy
bayonotlarni ishga solishi mumkin."
AQSh Davlat departamenti
matbuot kotibi Robert Vudga ko'ra, Yaqin Sharq bo'yicha umumiy siyosat
qayta ko'rib chiqilmoqda va AQSh mintaqada demokratiyani olg'a surish
rejasidan qaytmagan.
Obamaga ochiq xat tayyorlagan guruhning
aytishicha, agar Qo'shma Shtatlar Yaqin Sharq va musulmon dunyosi
xalqlariga inson huquqlari, fuqarolik va siyosiy huquqlarni qo'lga
kiritishda yordam bersa, tarixda yaxshi iz qoldirgan bo'ladi.